1 fevraldan ish haqi va pensiyalar 7 foizga oshadi

Iqtisodiyot 10:10 / 31.12.2019 249096

2020 yilning fevralidan budjet tashkilotlari va muassasalari xodimlari ish haqlari, pensiya, stipendiya, nafaqa hamda kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordamlar miqdori 1,07 baravarga oshiriladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 30 dekabr kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.

2020 yil 1 fevraldan boshlab:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 679 330 so‘m;
  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 238 610 so‘m;
  • eng kam yoshga doir pensiyalar – oyiga 466 680 so‘m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 466 680 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 286 390 so‘m.

Shuningdek, qaror bilan:

  • 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdorlari tasdiqlandi.

Bazaviy hisoblash o‘zgarishsiz qoldi — 223 000 so‘m. Qayd etilishicha, u soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent (litsenziya) to‘lovlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda qo‘llanadi.

So‘nggi marta ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1 avgust kuni 10 foizga ko‘tarilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: