O‘zbekiston | 13:56 / 27.12.2019
4813
3 daqiqa o‘qiladi

Forishda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi - hukumat qarori loyihasi

Jizzax viloyati Forish tumanida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda zamonaviy chorvachilik kompleksi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hisobidan Forish tumanida rejalashtirilgan qurilish va ta'mirlash ishlarini hamda zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish uchun mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilanishicha, ajratilgan mablag‘lar:

Forish tumani, Bog‘don shaharchasi, Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmagan miqdorda kredit berish uchun Aksiyadorlik tijorat Xalq bankiga;

Forish tumani infratuzilmasini zamonaviy tusga keltirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini moliyalashtirish uchun Hududlar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish jamoat birlashmasiga hamda Forish tumanida zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish uchun yo‘naltiriladi.

Hududlar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish jamoat birlashmasi ajratilgan mablag‘larni Forish tumani hokimligi va O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan kelishilgan va tasdiqlangan dastur asosida maqsadli sarflashi belgilanadi.

Aksiyadorlik tijorat Xalq bankiga olingan mablag‘larni Bog‘don shaharchasi, Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga imtiyozli shartlarda berish hamda Davlat soliq qo‘mitasiga 2023 yil 1 yanvarga qadar bo‘lib-bo‘lib qaytarish choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.

Jizzax viloyat hokimligi:

Forish tumanida zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish uchun yer maydonni ajratib berilishini ta'minlaydi;

Forish tumanida rejalashtirilgan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlariga yo‘naltirilgan mablag‘larni maqsadli ishlatilishi yuzasidan nazorat o‘rnatadi.

Mavzuga oid