Respublika bo‘yicha joriy yilning yanvar-noyabr oylarida chakana savdo tovar aylanmasi 144,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,3 foizga o‘sdi.
Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, yirik korxonalarning tovar aylanmasi 23,4 trln so‘mni (o‘sish sur'ati 30,7 foiz), kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining tovar aylanmasi 121,1 trln so‘mni (o‘sish sur'ati 3,8 foiz), shundan uyushmagan savdo tovar aylanmasi 14,5 trln so‘mni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,7 foizga kamaygan) tashkil etdi.
Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida chakana savdo tovar aylanmasi hajmi 7,3 foiz o‘sish sur'ati bilan 144,6 trln so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,6 trln so‘mga oshgan) tashkil etdi va o‘tgan davrlar bilan solishtirilganda o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichiga erishdi. Joriy yil I choragining o‘sish sur'ati - 5,9 foiz bilan solishtirilganda, 1,4 foiz punktga oshdi.
2018 yilning shu davriga nisbatan respublikaning barcha hududlarida chakana savdo tovar aylanmasining o‘sish sur'atlari kuzatilib, nisbatan yuqori o‘sish sur'atlari Xorazm, Jizzax, Surxondaryo, Namangan, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi.
Chakana savdo tovar aylanmasi tarkibida yirik korxonalarning tovar aylanmasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30,7 foizga o‘sdi va 23,4 trln so‘mni tashkil qildi. Bu esa umumiy savdo hajmining 16,2 foiz ulushiga to‘g‘ri keladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining chakana savdo tovar aylanmasi hajmi statistik hisob-kitoblarga ko‘ra, 121,1 trln so‘mni tashkil etib, 2018 yilning yanvar-noyabr oyiga nisbatan 3,8 foizga o‘sdi. Respublika miqyosida ushbu sektorning jami chakana savdo tovar aylanmasidagi ulushi 83,8 foizga teng kelmoqda.
Tahliliy natijalarga ko‘ra, chakana savdo tovar aylanmasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining ulushi bo‘yicha Qashqadaryo (96,6 foiz), Sirdaryo (94,6 foiz), Toshkent (90,5 foiz), Navoiy (87,8 foiz) va Namangan (87,5 foiz) viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Chakana tovar aylanmasi tarkibida yirik korxonalarning ulushi 16,2 foizni tashkil etib, eng katta ulush Toshkent shahrida (29,2 foiz), Xorazm (25,5 foiz) va Buxoro viloyatlarida (14,2 foiz) kuzatilgan.