Joriy yilning 21 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda shaxsi noma'lum ikki ayolning o‘zaro suhbati yozilgan audioyozuv tarqaldi.
Telefon muloqotidan suhbatdoshlar bog‘cha bolalarini zaharlash yo‘li bilan bog‘chaning Dilorom ismli mudirasini ishdan olish niyatida ekani ma'lum bo‘ladi.
«Bolalarni kuchli «otravleniye» qiladigan biron nima topib, go‘sht ichiga solish kerak. Bilyapsizmi, Bekobod shahrida tinimsiz shunaqa chiqyapti, [natijada] mudirlarni ishdan olib tashlayapti-ku. Yuz foiz ketadi mudirasi ham, zavxozi ham, o‘zi ham... Hammasi javobgarlikka tortiladi. Biror-bir vrach tanishingiz yo‘qmi?», – deydi ayollardan yoshrog‘i. U suhbatdoshining qizi aptekada ishlashini bilib, uni qizidan bu borada maslahat olishga ko‘ndirmoqchi bo‘ladi.
O‘z navbatida, audiodan ismi Sojida ekani anglashiladigan, ovoziga qaraganda yoshi kattaroq ikkinchi ayol sherigining taklifini o‘ylab ko‘rishga va qizidan dori haqida so‘rashga rozi bo‘ladi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi ushbu holat bo‘yicha tekshiruv boshlaganligini ma'lum qildi. Holatni o‘rganish bo‘yicha barcha ma'lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilishi aytiladi.
“Tekshiruv natijalari haqida batafsil xabar berib boramiz”, - deyiladi Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati.