O‘zbekistonda davolash muassasalarida asosiy shtatda ishlaydigan har bir xodim to‘liq stavkaga ishga olinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev telegram kanalida xabar qildi.
«Bugungi kunda tibbiyotda tez-tez munozaraga sabab bo‘layotgan holatlardan biri to‘liqsiz shtatda, ya'ni, yarim yoki 0,25 stavkada ishlayotgan xodimlar muammolaridir. Bu holat, ayniqsa, o‘rta tibbiyot xodimlari o‘rtasida ancha ommalashgan. Tabiiyki, tibbiyot xodimlari, jumladan hamshiralarning bunday ish faoliyati ularning moddiy ta'minotiga ta'sir etmay qolmayapti.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 21 yanvarda qabul qilingan 18-buyrug‘i ana shu dolzarb muammolar yechimiga qaratildi. Unga muvofiq, 2019 yil 1 fevraldan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida asosiy shtatda ishlaydigan har bir xodim to‘liq stavkaga ishga olinishi belgilab qo‘yildi», deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi o‘rtasida 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan tarmoq kelishuvida ham ushbu yangi tartib-tamoyillar o‘z aksini topdi. Ushbu tarmoq kelishuviga muvofiq, endilikda tibbiyot muassasalarida bo‘sh ish o‘rinlari yuzaga kelsa, unga birinchi navbatda to‘liqsiz stavkada ishlayotgan xodimlar qabul qilinadi. Shu bilan bir qatorda, mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan bitiruvchilar ham endilikda to‘liq shtatga ishga olinishi belgilangan.
«Yuqoridagi buyruq ayni o‘z vaqtida qabul qilindi. Chunki, to‘liqsiz shtatda ishlab juda kam miqdorda oylik maosh olayotgan xodimlar, ayniqsa, hamshiralarning moddiy ta'minotida jiddiy muammo bo‘layotgani bor haqiqat edi. Qolaversa, ular pensiyaga chiqqanda ham kam nafaqa olardi. Hozirgi kunda vazirlik davolash-profilaktika muassasalari bilan hamkorlikda mazkur muammolarni bartaraf etish borasida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, vazirlik va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamkorlikda bu vazifalar ijrosi bo‘yicha monitoring va nazorat ishlari yuritilmoqda», deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘lim boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev.
«Shu o‘rinda tibbiyot xodimlariga murojaat qilib, shuni aytmoqchimizki, bugungi kunda soha mutaxassislari tibbiyot sohasida chuqur bilim va malakaga ega bo‘lishi barobarida o‘zining va o‘zgalarning qonun bilan himoyalanadigan haq-huquqlarini mukammal bilishi va unga amal qilishi shart. Agar bu borada huquqiy maslahat va ko‘makka muhtoj bo‘lsangiz yoki mehnat qonunchiligi bo‘yicha huquqingiz buzilsa, vazirlik va hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalarining «Ishonch telefoni» xizmatidan foydalanishingizni tavsiya qilamiz», deyilgan xabarda.