O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 3 dekabr kuni maoshlari berilmayotgani va yotoqxonadan majburiy chiqarib yuborilayotgani to‘g‘risida OAVda murojaati tarqalgan O‘zbekiston fuqarolari - ICA Construction kompaniyasi xodimlarining asosiy qismi 19 dekabr holatiga ko‘ra ish haqlarini to‘lig‘icha oldi.
Tashqi ishlar vazirligi saytida e'lon qilingan xabarga ko‘ra, qolganlarning maoshlari ham kelishilgan jadval asosida beriladi.
4 dekabr kuni bosh konsulxona va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi xodimlari Kolpino shahriga borgan edi. Hamyurtlarimiz va ICA Construction kompaniyasining mas'ul xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda yurtdoshlarimizning manfaatlarini himoya qilish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishilgan.
Konsullik huquqiy departamenti eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk oblasti, Kaliningrad oblasti, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad oblasti, Murmansk oblasti, Nenets avtonom okrugi, Novgorod oblasti, Pskov oblasti, Sankt-Peterburg shahri, Vologda oblasti) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.