O‘zbek kinematografiyasi xazinasida haqiqatan ham sifatli filmlar talaygina, ammo ularning aksariyati o‘nlab yillar oldin suratga olingan. Ana shunday filmlardan biri «Abdullajon» – shubhasiz, o‘zbek kinosidagi fantastik komediya janrining eng yorqin namunasidir.
Filmda bosh qahramon Abdullajon rolini o‘ynagan Shuhrat Qayumov kuni kecha Kun.uz mehmoni bo‘ldi. Mazmunli kechgan suhbatimiz prodyuserning kino san'atidagi faoliyati va sohadagi bir qator mavzularni qamrab oldi.
Qayumovning aytishicha, u «Abdullajon» filmidan keyin boshqa kartinalarda bosh rollarni o‘ynamagan. Bunga sabab – men uchun kinoda rol o‘ynashdan ko‘ra, kino suratga olish ancha qiziqroq, deydi u.
«Film 1991 yilda chiqqan. U paytlarda men maktabda o‘qirdim. 1995 yilda Irrigatsiya institutiga kirdim, 1998 yilda xorijga ketdim. O‘sha paytlardayoq xorijda turli xil filmlarda suratga tushganman, albatta bosh rolda emas. Keyin Qozog‘istonda va Rossiyada yashadim, u yerda ham bir-ikki narsa suratga olganmiz. Lekin rosmana aktyor bo‘lganman deya olmayman.
Kishi bir sohani tanlasa, oxirigacha borish kerak. Menga kameralar ortida bo‘lish ko‘proq yoqdi. Barcha aktyor bo‘lishni orzu qiladi, lekin bu qanchalik qiyinligini kamdan kam odam biladi. Balki talab va taklif yo‘qligi ham rol o‘ynagandir. Kino olish – unda rol o‘ynashdan ko‘ra ancha qiziq», – deydi suhbatdoshimiz.
Ma'lum bo‘lishicha, Shuhrat Qayumovning «Illusion Pictures» nomli o‘z prodyuserlik kompaniyasi bor va u 2003 yildan buyon xorij kinokompaniyalari bilan hamkorlikda filmlar suratga olmoqda. Masalan – hindistonliklar bilan hamkorlikda tasvirga tushirilgan «Hoichoi unlimited» («Shod-u hurramlik») filmi. Qayumovning aytishicha, bu kino prokatidan so‘ng Hindistondan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi sezilarli oshgan, natijada Mumbaydan Toshkentga yangi aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan.
«Film Hindistonda prokatdan o‘tganidan so‘ng, O‘zbekistonga juda ham ko‘p sayyohlarni jalb qildi. Misol uchun, oldin Hindistondan O‘zbekistonga faqat Dehli shahri orqali uchilgan bo‘lsa, keyin Mumbay orqali parvozlar ham yo‘lga qo‘yildi. «O‘zbekturizm» ham kino prodyuserini mukofotladi, chunki Hindistondan juda ko‘p turistlar O‘zbekistonga kela boshladi. Bu – qo‘shimcha daromad, bu – mashhurlik», – deydi u.
Shuhrat Qayumovning prodyuserligida ishlangan boshqa bir katta metrajli film – «To the Ends of the Earth» («Dunyoning chekkasiga») Yaponiya kinoijodkorlari bilan hamkorlik mahsuli.
«Yaponlar o‘zbek kinosini yaxshi ko‘radi. Yaponiyada «Abdullajon» filmi juda mashhur, hatto har xil klublar bor. Har yili o‘zbek kinosi kunlarida bu filmni ko‘rsatishadi.
Yaponlar O‘zbekistonga kelishni ham yaxshi ko‘rishadi. Ular Xiva, Samarqand, Buxoro va Toshkentga kelishadi va O‘zbekistonda olingan kino Yaponiyada ko‘rsatilsa, bu juda katta reklama. Tabiiyki, turistlar oqimi ko‘payadi. Bu juda yaxshi. Bu – qo‘shimcha investitsiyalar, bu – kino sanoati uchun qo‘shimcha mablag‘. Umid qilamanki bu oxirgi qo‘shma filmimiz emas», – deydi suhbatdoshimiz.
Intervyu davomida Shuhrat Qayumov bugungi o‘zbek kinosanoati, rejissyor sifatidagi ilk asari, «Abdullajon» filmining bosh roliga qay tariqa tanlangani, jahon kinosi va boshqa mavzularda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. To‘liq suhbatni Kun.uz`ning YouTube`dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin, videoga o‘zbekcha subtitrlar ilova qilingan.
Ma'lumot uchun, Shuhrat Qayumov – kinorejissyor Malik Qayumovning nevarasi, taniqli operator Timur Qayumovning o‘g‘li. Malik Qayumov 1981 yilda davlat mukofoti bilan taqdirlangan; u 1941 yil iyunida Amir Temurning qabri ochilishini bevosita kuzatgan so‘nggi guvoh, II jahon urushining so‘nggi frontoldi kinooperatorlaridan biri edi. Timur Qayumov ham o‘z vaqtida O‘zSSR Goskino va O‘zbekiston kinematograflari uyushmasining operatorlik mahorati diplomiga sazovor bo‘lgan.