TIV Aqto‘beda 50 nafar o‘zbekistonlik buzilib qolgan avtobusdan evakuatsiya qilinganini tasdiqladi

Jamiyat 09:50 / 18.12.2019 11733

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) bosh konsulxonasi 2019 yil 14 dekabr kuni Samara-Chimkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan va ichida 54 nafar odam, jumladan 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus Aqto‘be viloyati Aytekebi tumani hududida texnik nosozlik tufayli to‘xtab qolgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan ma'lumotni tasdiqladi.

Bosh konsulxona ma'lumotiga ko‘ra, tuman yo‘l-patrul xizmati yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish, ularni issiq ovqat bilan ta'minlash va avtobusni ta'mirlashda yordam ko‘rsatdi. Avtobus esa ta'mirdan keyin harakatni davom ettirgan.

Shu bilan birga, TIV Konsullik-huquqiy departamenti yana bir bor O‘zbekiston fuqarolari e'tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishki vaqtda Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga qaratgan.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, jumladan tranzit bilan boshqa davlatga o‘tayotgan yurtdoshlarimiz, zarur hollarda mamlakatning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo‘la, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar, Qo‘stanay va Qarag‘anda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (Telegram, Whatsapp, Imo); Aqtau shahridagi bosh konsulxonaga (Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Ko‘proq yangiliklar: