«Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»: Asosiy maqsadimiz – murojaatlarga doimiy e'tibor

Jamiyat 16:43 / 17.12.2019 1890

Xalq dardi bilan yashash, unga xizmat qilish azal-azaldan millatimizga xos ezgu fazilatlardan sanaladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida ayni haqiqat yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Chunonchi, joylardagi mavjud muammolarni vaqtida bartaraf etish, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish kabi masalalarni hal qilishga qaratilgan bunday tadbirlar aholini, chekka ovul va qishloqlarda yashovchi fuqarolarni qiynayotgan masalalar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati raisining birinchi o‘rinbosari Feruz Qurbonov rahbarligidagi ishchi guruh a'zolari Xo‘jayli tumanining chekka ovullaridan biridagi elektr ta'minoti holati bilan tanishish maqsadida mahalliy aholi bilan uchrashdi.

Ta'kidlash joizki, muloqot noan'anaviy tarzda, ya'ni elektr tarmoqlarida kuchlanish pasayib ketishi mumkin bo‘lgan kechki paytda boshlanganining o‘zi ijtimoiy masalalar yechimiga faqatgina so‘zda emas, balki amalda katta e'tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Vodnik qishlog‘idagi Qumovul mahallasida hozirda 120 ta oila istiqomat qiladi. Ularga xizmat ko‘rsatib turgan transformator esa 100 ta oilaga mo‘ljallanganligi, xonadonlarga kelib turgan elektr quvvati belgilangan me'yordan past ekanligi ma'lum bo‘ldi. Oradan bir kun o‘tmasdan bu muammo o‘z yechimini topdi, ya'ni bu yerga yangi transformator o‘rnatildi va qishloq aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirildi. E'tiborli tomoni shundaki, ancha yillardan buyon ma'lum darajada qiyinchilik tug‘dirib kelgan ushbu muammo shu joyning o‘zida hal etildi.

Prezidentimiz tomonidan xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari vakillari xalqning oldiga kelib ularni qiynab kelayotgan masalalarni joyida o‘rganishi kerak, degan iborasi bugun har qachongidan ham dolzarb ekanligini sayyor uchrashuvlar davomida muhokamaga olib chiqish ehtimoli juda kam bo‘lgan muammolar mavjudligidan ham anglasa bo‘ladi. Xususan, ishchi guruh a'zolari e'tiborini tortgan masalalardan biri ushbu qishloqda istiqomat qiladigan 80 yashar yolg‘iz onaxon haqidagi xabar bo‘ldi. 

Ovulning chekkasidagi uyda yashaydigan Turdibika ona Qoraqalpog‘istonning shimolida tug‘ilib voyaga yetgan. Hayotning juda ko‘p sinovlarini boshidan kechirgan onaxon turmush o‘rtog‘i va o‘g‘lidan barvaqt ajragan. Taqdirga tan berib, bor kuchini kenja qizining tarbiyasiga qaratgan onaxon hayotidagi qayg‘uli voqealar bilan bog‘liq joydan yiroqqa ketishga qaror qiladi va hozirgi yashash joyiga ko‘chib o‘tadi.

– Qizim oilali, turmushi yomonmas, Allohga shukr. Uning o‘zi ham, kuyovim ham meni birga yashash uchun olib ketishmoqchi bo‘lishgan, lekin men rozilik bermadim. Butun hayotim davomida qishloqda yashab mehnat qilishga odatlanganman, bu yerning musaffo havosi meni sog‘lig‘imga katta foyda beradi, – deydi Turdibika ona.

Uning kichkinagina uyining yonida mehr bilan parvarishlanayotgan bog‘i bo‘lib, unda turli xil meva daraxtlari mavjud. Bundan tashqari onaxon har yili tomorqasidan qovun-tarvuz, qovoq, pomidor, piyoz kabi dala ne'matlaridan ham mo‘l hosil yig‘ib oladi. Bu ishlarda onaxonga qo‘shnilari ham yaqindan yordam berishar ekan. Onaxonning hayot quvonchlari-yu tashvishlari haqidagi hikoyalarini eshitib, ishchi guruh a'zolari shuncha sinovlarga bardosh bergan matonatli onaxonga qanday yordam kerakligi bilan qiziqdilar.

– Menga nima ham zarur bo‘lardi, faqatgina sovuqda uyga suv tashishga qiynalyapman, – dedi Turdibika ona. Kamtarin insonning ushbu iltimosi o‘rganilganda, qishloqqa ichimlik suvi quvuri tortilgani, xonadonga kiraverishdagi isitish tizimiga ulanmay qolib ketgani aniqlandi.

Jamiyat rahbariyati tomonidan ushbu muammoni tezda bartaraf qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi va ertasigayoq suv tarmog‘i ovqat pishiriladigan xonaga ko‘chirildi. Undan tashqari, uch xonali uyning kiraverishidagi xonaga pol to‘shash zarurligi ma'lum bo‘lgach, jamiyat tizimidagi korxonalar tomonidan bu kamchilik ham bartaraf etildi. Onaxonning uy-atroflarini tartibga keltirish bo‘yicha tashkillashtirilgan o‘ziga xos hashar orqali ko‘pni ko‘rgan, hayotning qanchadan-qancha qiyinchiliklariga bardosh berib kelayotgan Turdibika onaning tilida aytilmagan bo‘lsa ham, dilida qolgan istaklari ruyobga chiqdi.

«Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bunday xayrli ishlarni kelgusida ham amalga oshirishni reja qilgan holda, qolgan hududlardagi muammolarni ham o‘rganishda davom etmoqda.

Qallibek Nagmetov,
«Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» 
aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi

Ko‘proq yangiliklar: