Shu yilning iyul oyida Farg‘ona viloyati Rishton tumani markazidagi qayta qurish ishlari oqibatida aholi vakillarining huquqlari poymol etilayotgani haqida Kun.uz saytida turkum maqolalar va reportajlar e'lon qilingan edi.
Avvaliga muammolar aholi vakillarining uylari ogohlantirishsiz, ularga hech qanday sharoit yaratilmay buzilib, kompensatsiya pullari berilmayotgani bilan bog‘liq edi.
So‘ng Rishtondagi qurilish ishlariga barcha tumanlardan, viloyatdagi barcha tashkilot vakillari «hashar» niqobi ostida majburiy mehnatga jalb etilayotgani yoritilib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.
«Hashar» vaqtida mudhish voqea sodir bo‘lgan, 29 iyul kuni Qo‘shtepa tuman Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari Rishtondagi «ommaviy hashar»dan qaytayotganda yo‘l-transport hodisasiga uchrashgan va ikki nafar xodim tan jarohati olib, bir nafari olamdan o‘tgandi.
Oradan ikki oy o‘tib marhum U.Ahmadjonovning oila a'zolari tahririyatga yana murojaat qilishdi. Ma'lum bo‘lishicha, boquvchisini yo‘qotgan oilaga shu kungacha tovon puli to‘lanmagan. Qo‘shtepa tumanida bo‘lib, marhumning oila a'zolari bilan suhbatlashdik.
Marhumning oilasida
«28 iyul kuni ertalab erim ikkita avtobusda ayol va erkaklarni olib Rishtonga hasharga olib ketayotganini aytgandi. Kichik farzandimizning tobi yo‘qligi uchun kasalxonada edik. Shundan so‘ng ertasiga turmush o‘rtog‘imning jasadini olib kelishdi. Ishdan, ya'ni hashardan qaytayotgan bo‘lgani aniq-ku? Axir bu «ish paytida bo‘lmagan», deganlarni ham tekshiradiganlar bordir? Ikki go‘dak yetim qoldi. Ishga ketib, vafot etgan xodimni «o‘z yumushlari bilan yurgan payti halokatga uchradi», deyish yaxshi emas», deydi marhumning bevasi Muqaddasxon.
Marhumning ikki farzandiga boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqa tayinlangan.
Ma'lum bo‘lishicha, marhumning o‘limi hodisasi ishlab chiqarish bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi belgilangan tartibda o‘rganib chiqilmagan. Qonun talabi bo‘yicha oqibati o‘lim bilan tugagan baxsiz hodisa xodimning mehnat vazifalarini bajarayotgan paytda yuz bergan deb topilsa, uning 6 yillik ish haqi oldindan to‘lab berilib, voyaga yetmagan farzandlari voyaga yetganiga qadar nafaqa tayinlanar ekan. Oila vakillari marhum aynan o‘z mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtda vafot etgan, deb hisoblamoqda va yuqorida ta'kidlangan nafaqalar berilishini so‘ramoqda.
Hodisa aslida qay holda yuz bergan edi?
Bu savolga aniqlik kiritish maqsadida avtohalokat paytida «Jiguli» avtomashinasida U.Ahmadjonovning yonida bo‘lgan Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari Lochinbek Madg‘ofurov va Olimjon Rahmonov bilan suhbatlashdik.
Endigina kasalxonadan chiqqan Lochinbek Madg‘ofurov fojia Rishtondagi hashardan qaytishda ro‘y berganini ta'kidladi.
«28 iyul kuni soat 22:30larda Rishtondagi hashardan qaytayoganimizda avariyaga uchradik. Men jarohat olib, hushimdan ketdim. Yonimdagi Olimjonning ikki oyog‘i sinib, og‘ir jarohat oldi. Keyin bilsak, Ulug‘bek aka olamdan o‘tibdilar.
Rishtonga ketishimizda YPX patrul mashinalari kuzatuvida ketgandik. Qaytishda ular yo‘q edi. Rishtondan hashardan qaytayotgandik. Ichida ishchilarimiz bo‘lgan avtobus bilan oldinma-ketin kelayotgandik. Voqeani ishxonadagi barcha ishchilar ham tasdiqlashi mumkin. Zarar pullarini bilmadim-u, lekin har oyda ishxonadan plastik kartamga 1 million so‘m tushib turibdi. Biroq, dori-darmonning o‘ziga 10 million atrofida pul ketdi. Boshqa hech qanday pul olmadik. Ta'kidlab aytaman, hodisa «ommaviy hashar»dan qaytayotganimizda ro‘y bergan edi», deydi u.
Olimjon Rahmonov bu hodisa qanday ro‘y berganini boshqa hasharchilar ham tasdiqlashini aytdi.
«O‘sha kuni hasharda bo‘lganimiz haqida haqiqatni bilmoqchi bo‘lsanglar, o‘sha kuni avtobusda biz bilan birga hasharga borgan va ketma-ket kelayotib bizni mashinadan chiqarib olgan ishchilardan ham so‘rashingiz mumkin. Chindan ham o‘sha kuni hashardan qaytayotgan edik.
Men juda ko‘p og‘riqlarni boshdan kechirdim. Tirik qolganimga shukr qilib yashab yuribman. Lekin cho‘loq bo‘lib qoldim. O‘zimga hech narsadan umid qilmayman. 500 ming so‘m dori-darmonga berishdi, 1,5 million so‘m sug‘urta puli ham oldim. Kasaba uyushmasidan ham pul chiqarib berishyapti», deydi Olimjon.
Qo‘shtepa tuman Obodonlashtirish boshqarmasida
Qo‘shtepaga safar davomida Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i M.Ro‘ziboyev bilan uchrashish nasib qilmadi. Oradan bir kun o‘tib u bilan telefon orqali bog‘landik. U yo‘l-transport hodisasi Rishton tumanida emas, Qo‘shtepa tumani hududida yuz bergani, U.Ahmadjonov hashar jarayonida Rishtonda vafot etmagani, ko‘pchilik qatori Rishton hashariga majburiy emas, ko‘ngilli ravishda, yakshanba kuni borgani va uning o‘limi shunchaki baxsiz hodisa bo‘lgani, ishiga aloqasi yo‘qligini ta'kidladi.
M.Ro‘ziboyevning ta'kidlashicha, uning qo‘liga viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasidan hech qanday so‘rovnoma yoki xat kelmagan.
Bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasida
Viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasida bo‘lib, mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh davlat texnik inspektori Diyorbek Umaraliyev bilan suhbatlashdik.
U Qo‘shtepa tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga ikki bor so‘rovnoma jo‘natgani, shaxsan o‘zi Qo‘shtepa tumaniga borib, so‘rovnomani yetkazib berishga uringanini bildirdi. Biroq Obodonlashtirish bo‘limi shu paytgacha YTH bo‘yicha maxsus tekshirish o‘tkazmagani, «N-1» shaklidagi dalolatnoma rasmiylashtirish uchun xabarnoma jo‘natishni paysalga solayotganini aytdi.
Ish beruvchi qanday zararlarni to‘lashi kerak?
Mehnat kodeksining 192-moddasiga binoan, xodim mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta'minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a'zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.
Kodeksning 193-moddasida esa zarar miqdori ko‘rsatilgan bo‘lib, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida belgilangan.
Shuningdek, kodeksning 194-moddasiga binoan xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanishi ham kerak bo‘ladi. Masalan, bu miqdor o‘rtacha 1 million so‘m ish haqi oladigan xodim uchun 72 million so‘mni tashkil etadi.
Marhum U.Ahmadjonovning turmush o‘rtog‘i va farzandlari, avtohalokatga uchrab, og‘ir tan jarohati olgan O.Rahmonov va L.Madg‘ofurov ham Mehnat kodeksining tegishli moddalarga asosan zarar to‘lovini olishlari mumkin. Buning uchun Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi buyrug‘iga asosan shakllantirilgan komissiya tomonidan maxsus tekshiruv o‘tkazilishi lozim.
Mazkur vaziyatga xodimlarning mehnat huquqlari ta'minlanishi uchun bevosita mas'ul bo‘lgan idoralar - Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasidan munosabat kutib qolamiz.
Jurnalist Elmurod Ermatov
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov