Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati G‘uzor tuman sudi tomonidan talonchilik jinoyati sodir etganligi uchun 31 yoshli xavfli retsidivist S.S.ga nisbatan hukm e'lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
G‘uzor tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan aniqlanishicha, muqaddam sudlangan xavfli retsidivist S.S., o‘zganing mulkini jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritish maqsadida er-xotin Z.M. va X.T.ga 10 dona tikuv mashinalarini tanishlari orqali 10 000 000 so‘m evaziga sotib olib berishga kelishib, uning yashash xonadoniga polietilen paketga solingan 10 000 000 so‘m pullar bilan kelgan Z.M.ni itarib yuborib, qo‘lidagi pullarni ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari jarayonida S.S. ushlangan. Mazkur holat yuzasidan G‘uzor tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, S.S.ga nisbatan shu modda bilan ayblov e'lon qilingan va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sud hukmiga ko‘ra ayblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (xavfli retsidivist tomonidan o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish) bilan aybdor deb topilgan va unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sud hukmi qonuniy kuchga kirgan, deyiladi ma'lumotda.