Qashqadaryoda o‘zini bloger deb tanishtirgan shaxs tovlamachilikda gumonlanib qo‘lga olindi

Jamiyat 17:13 / 16.12.2019 7890

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi fuqaro Sherzod Mirzayev va tumandagi 44-sonli maktab direktori X.O. 15 dekabr kuni qo‘lga olindi.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi bergan xabarga ko‘ra, o‘zini bloger deb tanishtirgan Sh.Mirzayev tovlamachilikda gumonlanmoqda. Maktab direktorining bunga aloqasi bor-yo‘qligi esa hozircha noma'lum.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Kitob tumanining Xo‘jailmkon qishlog‘ida yashovchi Sh.Mirzayev ustidan DXXning tuman bo‘linmasiga «Birlik» MFY Qalmoq qishlog‘ida yashovchi Sh.A o‘g‘lidan ariza tushgan.

Arizachiga ko‘ra, Sh.Mirzayev unga nisbatan ish faoliyati va oilaviy holati bilan bog‘liq obro‘sizlantiruvchi ma'lumotlarni yig‘ib, internetda tarqatib yuborishini aytib qo‘rqitgan va tovlamachilik yo‘li bilan ming dollar berishini talab qilgan.

«Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 15 dekabr kuni soat 17:30larda Departament va DXXning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar Sh.Mirzayev va Kitob tuman 44-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktab direktori X.O.lar ushbu maktab yonida ariza muallifidan kelishilgan 1000 AQSh dollari hisobidan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», – deyiladi prokuratura xabarida.

Ma'lum qilinishicha, gumonlanuvchi arizachining sayyor qabulga mast holda borgani va uning opasi to‘yda erkak kishi bilan valsga tushganini tasvirga tushirib, Facebook va Telegram`da tarqatib yuborgan.

Bundan tashqari, aniqlanishicha, Sh.Mirzayev 2019 yil yoz oylarida Xo‘jailmkoni qishlog‘ida suv ta'minoti uchun mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, loyqa suv ichilayotgani va «Xo‘jailmkoni» ziyoratgohi qarovsiz holga kelib qolgani haqidagi holatlarni ham tasvirga olib, «Ozodlik» radiosi tarmog‘i orqali tarqatgan.

Shuningdek, gumondor Facebook`da Kitob tumanidagi 10-bog‘chada «bolalarga qurtlagan jigar va go‘shtdan tayyorlangan ovqat berilgani» haqida post qoldirgan. Ushbu ma'lumotning qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishi yuzasidan ayni paytda Kitob tumani prokuraturasi tekshiruv o‘tkazmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: