Qashqadaryodagi guruhli ovqatdan zaharlanish ro‘y berdi va jami 65 kishi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev o‘z telegram kanalida ma'lum qildi.
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida joylashgan «ENTER ENGINEERING PTE. Ltd» kompaniyasining G‘uzor tumanida joylashgan UZGTL loyihasi asosida tashkil etilgan shaharcha ishchilaridan 2019 yilning 13 dekabr kuni soat 8:30dan soat 16:30gacha viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 9 nafar va Nishon TTYoMga 2 nafar ishchi ko‘ngil aynishi, qayd qilish, ich tez-tez ketishi, tana harorati ko‘tarilishi, sovuq qotish kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilgan, o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikdan so‘ng, ularga guruhli ovqatdan zaharlanish «O‘tkir gastroenterit» tashxisi qo‘yilib shifoxonaga yotqizilgani to‘g‘risida birlamchi axborot berilgan edi.
Mazkur holat bo‘yicha viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshchiligida shtab tashkil etilgan, Ovqatdan zaharlanish kelib chiqishiga gumon qilingan taomdan iste'mol qilgan ishchilar tuzilgan komissiya tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. 2019 yil 14 dekabr soat 7:00 holatida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida yana 54 nafar ishchi faol aniqlanib shifoxonalarga olib kelingan. Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 49 nafar, tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali Toksikologiya bo‘limida 10 nafar, G‘uzor tuman YuKShda 4 nafar, Nishon tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limida 2 nafar, jami 65 nafar bemor davolanmoqda. Bemorlarning 46 nafari ahvoli yengil, 19 nafari o‘rtacha, og‘ir bemorlar yo‘q. Dori darmonlar zaxiralari yetarli», deyiladi xabarda.
Bemorlardan olingan namunalar va zaharlanish kelib chiqishiga gumon qilingan taomdan olingan namunalarda laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur vaziyat to‘liq nazoratga olingan.