Rossiyadagi hayot, odamlarning munosabati, 15-16 soatlik ish, qiyinchiliklar va orzular - musofirchilikdagi o‘zbek ayoli bilan suhbat

Jamiyat 11:00 / 13.12.2019 86285

«Jannat onalar oyog‘i ostida»dir. Bu gap bejiz aytilmagan. Onalar borki, farzandi uchun jonini beradi. O‘zi yemay yediradi, kiymay kiydiradi. Hatto ba'zida o‘zini-da unutib qo‘yadi.

Shunday onalardan biri 39 yoshli Dilorom Mahammatovadir. Dilorom opa salkam 8 yildirki, Rossiyada musofirchilikda mehnat qilib kelmoqda. Ikki farzandini o‘qitish, birovdan kam qilmaslik uchun tinmay mehnat qilmoqda. Hayotida juda ko‘plab taqdir sinovlariga uchragan sirdaryolik bu ayol mehnat bilan do‘st tutingan. Aslida Rossiya va boshqa davlatlarda mana shunday musofir o‘zbek onalari ko‘plab topiladi.

Kun.uz muxbirlari Rossiyaga safari davomida Dilorom opa haqida eshitib, u bilan bog‘landi va suhbat qildi.

Bir ona qilishi kerak bo‘lganlarini ortig‘i bilan qilishga urinayotgan Dilorom opa ko‘rgan-kechirganlari, Rossiyada duch kelgan qiyinchiliklari, musofir ayollarga bo‘lgan munosabat va orzu-armonlari haqida hikoya qilib berdi.

«Rossiyaga 2012 yil kelganman»

Birinchi bor Rossiyaga kelganimda muzqaymoq zavodiga ishga kirganman. Shundan so‘ng, mana 5 yildirki Moskva Aviatsiya institutida bo‘yoqchi bo‘lib ishlayman. Turmushim bo‘lmaganidan keyin ikki farzandimni o‘qitish, uyli-joyli qilish uchun o‘zim ishlayapman.

Rossiyada ishlashni hech kim orzu ham, havas ham qilmasin. Chunki hech qayer vatanga yetmaydi. Hamma bu yerlarda majburlikdan ishlaydi. Chunki hayot majbur qiladi.  

«Faqat sog‘inib yashaymiz»

Rossiyada eng katta qiyinchilik vatan sog‘inchi, farzandlar, ota-ona sog‘inchi. Faqat sog‘inib yashaymiz. Bu yerda ko‘chada bemalol yura olmaysiz ham. Har qadamda politsiya ushlaydi. Hujjatlaringiz to‘g‘ri bo‘lsa ham, ba'zi hollarda olib ketishadi. O‘zim ham bir sutkalab yotib chiqqan vaqtlarim bo‘lgan. Chunki bu yerda mening hech kimim yo‘q. 

«Imkonim bo‘lganda kelmasdim»

Biror joyga ishga borganimda kimdir aldaydi, kimdir esa boshi ochiq ayol deb gap otadi. Lekin hammaning o‘ziga bog‘liq. Agar ayol kishining o‘zida insof bo‘lsa hech kim hech narsa qila olmaydi. Hayotimda shunaqa voqealar ham bo‘lgan. Yosh bolalar gap otadi. Men ularga «sening ham onang, singling bor-ku! Gap otishsa yaxshi ko‘rasanmi?» deyman. Tushungani tushunadi, tushunmagani yo‘q. Agar «unaqa» ayol bo‘lganimda qora mehnat qilmasdim.

«Bir kunda 15-16 soat ishlayman»

Muzqaymoq zavodida 12 soatlab ish bo‘lar edi. Dam olish yo‘q. Keyinchalik, internet orqali Moskva Aviatsiya zavodiga farrosh bo‘lib ishga kirdim. Firma almashib ketgach, oyligimni ololmay ham qoldim. Keyin yig‘ladim. Ish topishimga yordamlashgan insonlar menga bo‘yoqchilikni o‘rgatishdi. 2013 yildan beri institutda bo‘yoqchiman. Ish vaqti ertalab soat 8:00dan kechqurun soat 17:00gacha. Shanba va yakshanba dam olish kuni. Ishdan keyin va dam olish kunlari ko‘chadan ish topib, bir kunda 15-16 soat ishlayman. 

«O‘g‘limning to‘yini belgilab qo‘ygandik, lekin onam…»

5-6 dekabr kunlariga o‘g‘limning to‘yini belgilab qo‘ygan edik. Lekin 16 noyabr kuni onam olamdan o‘tdilar. So‘nggi kunlariga yeta olmay qoldim… 

Qarz olib ketishga majbur bo‘ldim. Ma'rakalarini o‘tkazib yana qaytib keldim. Chunki bahorda o‘g‘limni uylantirishim kerak. Otam nafaqada. O‘sha vaqtgacha ishlab, qarzlarimdan qutulishim, to‘yga pul yig‘ishim kerak. 

«Onam ketdi, yarim kuchim ketganday bo‘ldi»

Men eng katta kuchni ota-onamdan olar edim. Hozir shuni his qilyapmanki, onam vafotidan keyin ham ruhan, ham jismonan ancha charchabman. Onam ketgandan keyin yarim kuchim ketgandek bo‘ldi. 

«1,5 mln so‘m oylik bo‘lganda Rossiyaga kelmasdim»

O‘zbekistonda ham o‘zgarishlar bo‘lyapti. Lekin oylik maosh kam. 1,5 million so‘m oylik ishlab topganimda O‘zbekistondan kelmas edim. O‘g‘limni uylantirganimdan so‘ng kelmaslikni rejalashtirgandim. Lekin qizimning ham bo‘yi yetyapti. Yana kelishga majbur bo‘laman. To‘g‘risi, Rossiyadan rosa zada bo‘lganman. Juda charchadim. Majburlikdan ishlayapman.

«Begonalarga O‘zbekistonni yomonlashni xohlamayman»

Halol ishlasangiz, aldamasangiz begona yurtda ham hurmat qilishadi. Ba'zida uy tozalashga ruslarnikiga borganimda ularning rahmi keladi. «Farzanding u yoqda, sen buyoqda qiynalmaysanmi? Sog‘inmaysanmi? O‘zbekistonda ish yo‘qmi?» deb savollar berib qolishadi. Lekin men O‘zbekistonni yomonlashni xohlamayman. Chunki o‘zimning O‘zbekistonimga hech qayer teng kelmaydi. 

«Men ham oilam bilan yashasam, to‘ylarga borsam»

Men ham to‘ylarga, tug‘ilgan kunlarga borsam deyman. Oilam davrasida bo‘lsam, opa-singillarim mehmon bo‘lib kelishsa, men ham ularnikiga borsam deyman. Har doim shu xayollar og‘ushida yuraman. Har doim shu orzular ko‘nglimdan o‘tadi. To‘ylarni, yaqinlarimning yaxshi kunlarini telefonda eshitib, ich-ichimdan yig‘layman… Men qachon to‘yga boraman, qachon qatnashaman, qachon mahalla-ko‘y bilan yashayman degan xayollar bilan yuraman. 

«Nima uchun Rossiyada odamlar chiroyli yashaydi, bizda unday emas?»

Men yashaydigan joyda (Sirdaryo viloyati, Xovos tumani) ko‘p qavatli uylar xarob ahvolda. Agar menda imkoniyat bo‘lganda shu uylarimizni Rossiyadagi uylar kabi qizil, yashil ranglarga bo‘yab ta'mirlardim. Chunki men bo‘yoqchilikni o‘rgandim. Nima uchun Rossiyada odamlar chiroyli yashaydi, biz yashamaymiz? Barcha imkoniyat bor-ku?! Axir bizning uylarda ham inson yashaydi-ku?! 

«Orzum mehribonlik uyidagi bolalarga sunnat to‘y qilib berish»

Internetda bir odamning mehribonlik uyidan bolachalarni olib kelib, o‘g‘lining to‘yiga qo‘shib, sunnat to‘y qilib berganini ko‘rgandim. O‘shanda men ham sunnat qilinmagan bolachalarni olib kelib, o‘g‘limning to‘yida sunnat to‘y qilib beraman, deb niyat qilgan edim. Mening niyatim, Xudo xohlasa, pulim yetsa, shunday to‘y qilish. 

Intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: