13 dekabr kuni ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan bo‘lgan uchrashuvda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 2019 yilda qabul qilingan «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida» hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar va ularning ijrosi haqida o‘z fikrlarini bayon etdi.
«Bizda zo‘ravonlik holatlari bor, yo‘q emas. Bunday holatlar ichkarida bo‘ladi, bu haqda hech kim ochiq aytmaydi. Oilada bo‘lgan holat haqida chiqib gapirmaslik bizda stereotip bo‘lib qolgan. Hatto maslahat olish ham yo‘q.
Bizda ayollar va erkaklar teng, xotin-qizlarga zo‘ravonlik bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q, deyilardi. Lekin tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bunday holatlar bor. Keyinchalik uzoq kutishlardan so‘ng gender tengligi hamda zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi. Lekin xalq bu qonunlardan hali xabardor emas», – dedi Norboyeva.
Senat raisi zo‘ravonlik faqatgina jismoniy bo‘lmasligi, hatto ishxonadagi oddiy muomalada ham uning ko‘rinishlari kuzatilishi mumkinligini ta'kidladi.
«Zo‘ravonlik deganda faqatgina tana jarohati yetkazish tushunilmaydi. Odamlar zo‘ravonlik nimaligini bilmasligi ham mumkin. Ishxonada jamoa rahbari tomonidan ayol xodimning hech bir sababsiz ishdan bo‘shatilishi, iqtidori bo‘lsa ham lavozimining ko‘tarilmasligi... Bu ham ruhiy zo‘ravonlik bo‘lishi mumkin. Yoki ayol o‘z do‘sti tomonidan ruhiy bosim ostiga olingan bo‘lishi ehtimoli ham bor», – dedi u.
Tanzila Norboyeva gender tengligi hamda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi ikki qonunni xalqqa to‘g‘ri tushuntirish, uning mazmuni bilan yaqindan tanishtirish muhimligini qayd etdi.
«Har bir ayolning muammosiga alohida yondashishimiz kerak. Qoraqalpog‘istonning har bir tumanidagi ayolning muammosi bir-biridan farq qiladi. Vodiydagi xotin-qizlarni esa mutlaqo boshqa narsa qiynayotgan bo‘lishi mumkin», ─ deya ta'kidladi senator.