Huquqshunos mulkni olib qo‘yish vakolati xalq deputatlari Kengashlariga berilishi bo‘yicha munosabat bildirdi

O‘zbekiston 14:13 / 11.12.2019 17879

Siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida suratga olinayotgan «Demokratik debat» tok-shousining 10 dekabr kungi sonida Xususiy mulk daxlsizligi, tizimda qonun va huquqiy-mexanizmlar qay darajada ishlayotgani masalalari muhokama qilindi.

Debatda qatnashgan Kun.uz muxbiri muhokama mavzusidan kelib chiqqan holda, mulkni olib qo‘yish vakolati xalq deputatlari Kengashlariga berilishi yuzasidan savol berdi.

«Albatta, davlat rahbari tomonidan bu masala o‘rtaga tashlandi. Ammo huquqshunos sifatida bu fikrga qo‘shilmayman. Sababi, bugungi kunda xalq deputatlari tuman, viloyat kengashlari bu vakolatni bajarishga tayyor emas. 

Bugungi kunga qadar hokimlarning qishloq xo‘jaligiga oid 5 mingdan ortiq qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan. Lekin bu borada hokimlarga javobgarlik belgilash mexanizmi hali mavjud emas.

Hozir biz bu vakolatni kengashlarga berib qo‘yadigan bo‘lsak, ularda birinchidan huquqshunoslar mavjud emas, shuningdek, deputatlar ham hamma sessiyalarga kelyapti deb aytolmaymiz», dedi O‘zLiDeP partiyasi vakili Nuriddin Murodov mahalliy kengashlar bu vakolatni bajarishga qanchalik tayyorligi haqidagi savolga javoban.

x6sI-fIsGgJYZuhWaqSwb9Uc6FwhAsns.jpg (1151×745)

Partiya vakili o‘z fikrini dalillash uchun prezident administratsiyasi bu taklifni chuqur qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiqligini aytib o‘tdi:

Prezident administratsiyasi bu taklifni chuqur qayta ko‘rib chiqish maqsadlarimizga muvofiq bo‘ladi. Chunki:

  1. Kengash raislari hokimlardir;
  2. Kengashlar qarorlari ustidan sudga murojaat qilishning aniq mexanizmi mavjud emas;
  3. Joylarda sudlar Kengashlarga hisobot berishi yo‘lga qo‘yilgan. Shu asosda ham sudlar Kengashlarning noto‘g‘ri qarorlarini ham bekor qilmasligi mumkin;
  4. Bu tashabbus shartnomaviy munosabatlar talablariga va shunga doir qonunlar normalariga ham muvofiq emas;
  5. Bunday qaror mulkdor norozi bo‘lsa faqat  odil sudlov tomonidan hal etilishi kerak;
  6. Amalda hokimning bu kabi noqonuniy qarorini haqiqiy emas deb topish (shu yilni  o‘zida minglab shunday qarorlar sudlarda haqiqiy emas deb topildi) oson bo‘lmayapti;
  7. Vakillik organining bunday qarorlarini haqiqiy emas deb topish undanda qiyinlashadi; 
  8. Hokimliklardaku yaxshimi yomonmi huquqshunoslar bor. Lekin mahalliy kengashlarda ular yuq.

Boshqa partiyalar vakillari bu vakolatni katta ishonch sifatida baholagan va deputatlik kengashlari bu vazifani bajara olishiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma'ruzasida yangi yildan hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga berilishini ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: