Davlat mulkini xususiy mulkka aylantirish “san’ati” – Denovda shunday holat kuzatilmoqda

O‘zbekiston 09:32 / 19.04.2024 20984

Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi 4 gektarlik madaniyat va istirohat bog‘i bir necha yildirki tortishuvlar markaziga aylanib qolgan.

Bunga 21 nafar tadbirkor faoliyat yuritib kelayotgan bog‘ 2017 yilda tuman hokimining qarori bilan 6 kunlik MChJga ijaraga berib yuborilgani sabab bo‘lmoqda.

Kichik” MChJga katta sovg‘a

Istirohat bog‘i Denov tumani hokimining 2017 yil 29 avgustdagi qarori bilan “Afrosiyob milliy bog‘lari” MChJga zamonaviy loyiha asosida rekonstruksiya qilish sharti bilan 49 yil muddatga ijara asosida foydalanishga berilgan.

Hokimning mazkur qaroriga huquqiy asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 dekabrdagi “2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori (2021 yil 22 fevraldan o‘z kuchini yo‘qotgan) keltirilgan. Ammo hokim qarorining Vazirlar Mahkamasi qaroriga zid bo‘lgan o‘rinlari bor.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasi qarorida madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bog‘liq amaliy ishlarni moliyaviy ta’minlashda tadbirkorlik imkoniyatlaridan keng foydalanish, bunda bog‘ hududidagi yerlarni attraksionlar, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurish uchun tanlov savdosi asosida (!) tadbirkorlarga ijaraga berish belgilangan.

Shuningdek, qarorda madaniyat va istirohat bog‘lari tuman (shahar) hokimliklari muassisligida davlat korxonasi shaklida tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi qayd etilgan. Ya’ni istirohat bog‘i Denov tuman hokimining qaroriga muvofiq davlat korxonasi shaklida qayta tashkil etilishi va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan namunaviy tuzilma asosida faoliyat yuritishi kerak edi.

Biroq Denov tumanining o‘sha paytdagi hokimi B.Mamatqulov davlat ro‘yxatidan o‘tganiga 6 kun bo‘lgan, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lmagan MChJga istirohat bog‘ini hech qanday tanlov savdosisiz, 49 yilga “sovg‘a” qilib yuborgan.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasi qarorida bog‘ hududidagi yerlarni ham tanlov savdosi asosida ijaraga berish nazarda tutilgan. Ammo “Afrosiyob milliy bog‘lari” MChJga bog‘ning yer maydoni bilan birga hududda joylashgan qariyalar choyxonasi, ma’muriy bino hamda 1370 dona har xil turdagi manzarali daraxt ham berib yuborilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yilda amalda bo‘lgan “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida davlat mulki yuridik va jismoniy shaxslarga davlat mulkini ijaraga berish markazi orqali ijaraga berilishi belgilab qo‘yilgan. Demak, 2017 yilda amalda bo‘lgan qonun hujjatlari bo‘yicha ham tuman hokimida davlat mulkini ijaraga berish huquqi bo‘lmagan.

Xususiylashtirish sari qadam

Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan 2010 yilgi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2011 yilda Denovdagi bog‘ga 21 nafar tadbirkor jalb qilinib, ularga bog‘ning bo‘sh turgan yerlari topografik chizma asosida o‘lchab berilgan. 2015 yilga kelib bu tadbirkorlar shaxsiy mablag‘lari hisobiga istirohat bog‘ini zamonaviy qiyofaga keltirishgan, attraksionlar va kichik o‘yin qurilmalari bilan jihozlashgan. Shuningdek, aholiga boshqa pulli xizmatlar ko‘rsatib kelishgan.

“Afrosiyob milliy bog‘lari” MChJ rahbari Asror Narzullayev Denov tumani hokimining noqonuniy qarori bilan bir dumalab 4 gektarlik bog‘ning egasiga aylanib olgach, u va tadbirkorlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kela boshlaydi. Hatto MChJ mas’ullari tomonidan ayrim tadbirkorlarning attraksion qurilmalari buzib ham tashlangan.

O‘tgan davr mobaynida MChJ istirohat bog‘idan ijara shartnomasi tuzmagan holda tekinga foydalanib kelgan. Qolaversa, uni xususiylashtirib olishga harakat bo‘lgan.

Jumladan, kadastr xizmati tomonidan ko‘chmas mulk obektlarining davlat reyestriga istirohat bog‘iga nisbatan 100 foiz huquq egasi “Afrosiyob milliy bog‘lari” MChJ ekani, yer doimiy foydalanish huquqi bilan MChJga berilgani haqida ma’lumotlar kiritilgan.

Aslida, “Ijara to‘g‘risida”gi qonunning 9-bandiga ko‘ra, mol-mulkni ijaraga berish ana shu mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa kishiga o‘tkazilishiga olib kelmaydi.

2024 yil 5 fevral kuni Davlat kadastrlar palatasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Inomovning imzosi bilan Davlat kadastrlar palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasiga xat jo‘natilgan. Unda istirohat bog‘i 49 yilga ijara huquqi asosida foydalanishga berilgani, biroq boshqarma tomonidan doimiy foydalanish huquqi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida gap boradi. Xatda mazkur holatni ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish chog‘ida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish komissiyasida ko‘rib chiqilishini ta’minlash topshirilgan. Biroq oradan ikki oydan ko‘p vaqt o‘tganiga qaramay hamon (2024 yil 18 aprel holatiga) madaniyat va istirohat bog‘i ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrida “Afrosiyob milliy bog‘lari” MChJ hisobida turibdi.

Sud hokim qarorini bekor qilmadi

Nizoli holat 2024 yil 6 mart kuni Termiz tumanlararo ma’muriy sudida ko‘rib chiqilgan. Madaniyat va istirohat bog‘i hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan bir guruh tadbirkorlar sudga ariza yozib, Denov tumani hokimining bog‘ni ijaraga berish haqidagi qarorini bekor qilishni so‘ragan.

Sud ishida javobgar, ya’ni Denov tumani hokimligi vakili J.Safarov tadbirkorlarning arizasini tan olmasdan, bog‘ tuman hokimi qarori bilan “Afrosiyob milliy bog‘lari” MChJga 49 yil muddatga ijara asosida berilganligini, u bugungi kunda “Afrosiyob milliy bog‘lari” MChJ nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini, bog‘da davlat ulushi yo‘qligini, istirohat bog‘ini jamiyat nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda xatolikka yo‘l qo‘yilganligini hamda u bugunga qadar to‘g‘irlanmaganligini aytib, arizani qanoatlantirishni rad etishni so‘ragan.

Sudning hal qiluv qarori bilan tadbirkorlarning arizasini qanoatlantirish rad etilgan. Ish bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holati yuzasidan Denov tumani hokimligi va Kadastrlar palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasiga nisbatan xususiy ajrim chiqarilgan. Shuningdek, vujudga kelmagan huquq turining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari oqibatida davlat manfaatlariga zarar yetkazilganligi yuzasidan prokurorga xabarnoma chiqarilgan.

Tuman hokimining birgina noqonuniy qarori zanjir bo‘lib, shuncha qonunbuzilish holatlariga olib kelgan. Oradan qariyb 7 yil o‘tganiga qaramasdan, bog‘ atrofidagi noqonuniy harakatlar, bahslar, tortishuvlar hamon davom etmoqda.

Holatga e’tibor qaratilib, qonunbuzilish holatlari bartaraf etilmas, unga yo‘l qo‘yganlarga chora ko‘rilmas ekan, aholi borib dam oladigan davlat mulki xususiy mulkka aylanib qolishi hech gap emas.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: