Toshkentda oyog‘iga qarata o‘q uzilgan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 18:09 / 09.12.2019 24709

Toshkent shahrida mast holatda yo‘l-transport hodisasi sodir etgan va ichki ishlar xodimlariga qurol bilan po‘pisa qilgan hamda o‘zi oyog‘idan jarohat olgan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 8 dekabr kuni taxminan soat 03:10larda Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Muqumiy-Lutfiy ko‘chalari kesishgan chorrahasida I.N.K. “Damas-Labo” rusumli avtomashinasini mast holda boshqarib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari avtomashina haydovchisiga yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganida, I.N.K. ularga faol qarshilik ko‘rsatib, ularni haqoratlab, o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan qurollanib, bezorilik harakatlarini oldini olish choralarini ko‘rgan xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan.

Poytaxt IIBB tomonidan tarqatilgan xabarda aytilishicha, YPX inspektori kichik serjant T.O. tabel qurolini qo‘llashga qaror qilgan. U yo‘riqnomaga muvofiq harakat qilib, osmonga o‘q uzgan, bu ham qoidabuzarga ta'sir qilmaganidan so‘ng, uning oyog‘iga qarata o‘q uzgan. Faqatgina shundan so‘ng qoidabuzar pichog‘ini tashladi. Uning qo‘llari kishanlanib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yetkazilgan.

Shahar prokuraturasiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan 2019 yil 8 dekabr kuni N.K.I. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: