Tanqidga javob: Urgut va Bulung‘urni bog‘lovchi davlat ahamiyatidagi yo‘l kelgusi yil to‘liq ta'mirlanadi

Jamiyat 20:00 / 09.12.2019 4003

Samarqand viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi Kun.uz’da e'lon «Urgut yo‘lsozlaridan «innovatsion g‘oya»: respublika ahamiyatidagi yo‘lni shag‘al bilan ham ta'mirlash mumkin» sarlavhali tanqidiy maqolaga munosabat bildirdi.

«2019 yil davomida joriy ta'mirlash mablag‘lari hisobidan 12,585 mlrd so‘mlik mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘ doirasida umumfoydalanishdagi davlat va mahalliy ahamiyatiga ega bo‘lgan 40,3 kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llarida hamda tumandagi ichki xo‘jalik yo‘llarni ta'mirlash bo‘yicha 1,4 mlrd so‘m mablag‘ doirasida 14,9 km, «Obod qishloq» dasturi doirasida 48,9 km yo‘llarga 7,5 mlrd so‘mlik ta'mirlash ishlari Urgut tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan amalga oshirildi.

Maqolada tilga olib o‘tilgan, Urgut tumani hududidan o‘tuvchi 4R47 «Bulung‘ur shahri — Urgut shahri — M39 avtoyo‘li» avtomobil yo‘lining 37-52 km qismlarida mavjud asfaltobeton qoplamasi yuk ko‘tarish qobiliyatini yo‘qotgani bois ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan.

Mazkur avtomobil yo‘lida asfaltobeton qoplamalari buzilgani, ya'ni yuk ko‘tarish qobiliyati bugungi kundagi transport vositalariga mo‘ljallanmagani hamda qishki mavsum bo‘lganini inobotga olib, bugungi kunda ushbu avtomobil yo‘lining 37–52 kilometrida qum-shag‘al aralashmasidan asos tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Shu yilning o‘tgan davrida 4R47 «Bulung‘ur shahri — Urgut shahri — M39 avtoyo‘li» avtomobil yo‘lining 33–36 km oralig‘idagi uzunligi 3 km qismida to‘liq asfaltobeton qoplamasi yotqizilib, foydalanishga topshirildi.

Joriy yilda ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘lar ajratilib, qurilish turiga asosan taqsimlanganini inobatga olib, mazkur avtomobil yo‘lining 37–52 kilometrlari oralig‘idagi qismini ta'mirlash ishlari 2020 yilda ajratilgan mablag‘lar doirasida bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma'lum qilamiz», — deyiladi Samarqand viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: