Tanlovdan so‘ng paydo bo‘lgan xorijiy investor: Samarqand tumanida g‘olib tadbirkor nega obektga kira olmayapti?

Jamiyat 17:18 / 09.12.2019 13791

«Samarqand tumani O‘rtashiq qishlog‘i hududida joylashgan «KOMFORT DIZAYN» alyuminiy mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan go‘yoki o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi MIB tomonidan muhrlab tashlangan.

 

Qo‘shma korxona rahbari Behbud Usmonovning «Ozodlik» radiosiga aytishicha, korxonaning ijaraga olgan binosi Samarqand viloyati hokimligi tomonidan o‘tkazgan tender asosida boshqa bir korxonaga berib yuborilgan.

Qo‘shma korxona 40 kishini ish bilan ta'minlagan va 2017 yildan buyon 17 turdagi alyuminiy profili ishlab chiqargan», — bu «Ozodlik» radiosi Samarqand tumanida ro‘y berayotgan voqea yuzasidan yozganlaridan parcha.

Bu korxona haqida Kun.uz’da jurnalist Anvar Mustafoqulovning maqolasi ham e'lon qilingan edi.

Shundan so‘ng korxona boshlig‘i Behbud Usmonov prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llab, qo‘shma korxonani saqlab qolishda amaliy yordam so‘ragan. Korxonaning turkiyalik ta'sischisi Ibrohim Ergin ham shunday mazmundagi murojaat bilan chiqqan. Videomurojaatda ular Samarqand viloyati hokimligi va viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlarini amalda ishlab turgan zavodni «o‘zboshimchalik» bilan berkitib qo‘yayotganlikda aybladi.

Ularga ko‘ra, mahalliy rasmiylar o‘z amallari bilan yangi ish o‘rinlari yaratish va sarmoyalar kiritishga qaratilgan prezident siyosatiga qarshi chiqmoqda.

Behbud Usmonovning aytishicha, 2018 yil mart oyida Samarqand viloyat hokimligi ularga ijara shartnomasi bekor qilinganini bildirib, binoni bo‘shatib qo‘yishni talab qiladi.

Xo‘sh, voqea aslida qanday bo‘lgan? Chindan ham «KOMFORT DIZAYN» o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi edimi? Tender nima uchun o‘tkazilgan? Nega 40 kishi ishlab turgan korxona binosi tenderga chiqarilgan? Nima uchun MIB korxonani muhrlab qo‘ydi?

Keling, masalaga Behbud Usmonovning ko‘zi bilan emas, betaraf bo‘lib qaraylik. Men bu masalani uzoq surishtirdim, sudlarda ishtirok etdim va o‘rgandim.

Avvalo, oldinga o‘tib shuni aytishim kerakki, tenderga chiqarilgan chog‘da 2018 yilning may oyiga qadar «KOMFORT DIZAYN» MChJ qo‘shma korxona bo‘lmagan.

Behbud Usmonov ijtimoiy tarmoqlarda muttasil ravishda «tarkibida turkiyalik investor bo‘lgan qo‘shma-korxonaning ishlashiga to‘sqinlik qilinmoqda», deb jar solmoqda.

Aslida nima bo‘lgan?

«KOMFORT DIZAYN» MChJ 2017 yil may oyida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Uning ustav fondi miqdori 100 mln. so‘m bo‘lib, fuqaro D.Usmonova 100 foiz ulushga ega yagona ta'sischi bo‘lgan.

Biroq, 2018 yil may oyida tender savdolari o‘tgach, MChJ ta'sischilari tarkibi va ustav jamg‘armasi 2018 yil 5 noyabrda o‘zgartiriladi. D.Usmonovaning ulushi 1,97 foiz (20,3 mln so‘m)ga tushiriladi. B.Usmonov 81,67 foiz ulush (843,56 mln so‘m) bilan ta'sischilar safiga qo‘shiladi. Shuningdek, Turkiya fuqarosi Ibrohim Ergin 16,36 foiz (169.017.472 mln. so‘m) ulush bilan ta'sischilar safiga kiritiladi.

Ya'ni, ishlab turgan Turkiya bilan qo‘shma korxonaning mulki tenderga chiqarilmagan. Barchasi «pishib» bo‘lgach, turkiyalik fuqaro safga qo‘shilgan.

O‘z murojaatlarida B.Usmonov «40-50 kishi ishlab turgan korxona tortib olindi», deb aytadi.

Biroq, soliq hisobotlarida ko‘rsatilgan ish o‘rinlari tahlil qilinganida, 2017 yilning iyun-iyul oylarida — 7 nafar; avgust-sentabr oylarida — 2 nafar; oktabr-noyabr oylarida — 6 nafar; dekabr oyida — 2 nafar;

2018 yil — yanvar-fevral oylarida — 2 nafar; mart oyida — 8 nafar; aprel oyida — 17 nafar; may-iyul oylarida — 22 nafar; avgust oyida 19 nafar; sentabr oyida — 21 nafar; oktabr oyida — 22 nafar; noyabr-dekabr oyida — 31 nafardan ishchi-xodimlarga yagona ijtimoiy to‘lov hisobotida ish haqi hisoblangani ko‘rsatilgan.

Tenderda investitsiya kiritish uchun undan yaxshiroq shartlar taklif etgan korxona g‘olib chiqqan.

Biz mazkur masala yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz G‘afurovga murojaat qildik. «Ushbu masalada shug‘ullanmagan organ qolmadi. Barcha instansiyalarning javobi menda bor», dedi u.

— Nega ishlab turgan korxona tanlovga chiqarib yuborildi?

— Obekt — davlatning mulki. Viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi balansida bo‘lgan mulk. Nega bu obekt ijaraga berilgan bo‘lsa ham «bo‘sh turgan», deb talqin qilinadi? Qonunchilik bo‘yicha, agar davlat korxonasining o‘z ehtiyojidan tashqarida bo‘lgan, o‘zi tomonidan foydalanilmayotgan obekt bo‘lsa — u xususiylashtirish to‘g‘risida taklif berish huquqiga ega. Kimgadir ijaraga berilganmi, demak obekt bo‘sh turgani uchun ijaraga berilgan.

— Nega ijara shartnomasi muddatidan avval bekor qilindi?

— «KOMFORT DIZAYN» MChJ obektdan bor-yo‘g‘i ikki oy foydalangan: 2018 yil 30 yanvardan 27 martgacha. Lekin shartnoma muddatidan avval, kelishuvga asosan bekor qilingan. Korxona rahbari o‘zi rozi bo‘lib kelishuvga imzo chekkan, muhr bosgan, obektni topshirgan. Unga obekt tanlovga chiqarilayotgani haqida ogohlantirish xati berilgan. Istasangiz, tanlovda ishtirok etishingiz mumkin, deyilgan o‘sha xatda. Korxonaning o‘zi ham tanlovda ishtirok etyapti. Ulardan tashqari 6ta talabgor ishtirok etgan. Barcha takliflar ko‘rib chiqilgan. Tanlov taklifi tanlov shartlariga eng ko‘p darajada muvofiq deb topilgan «GIDRO KAPITAL MELIO QURILISH» MChJ g‘olib deb e'tirof etilmoqda.

Ya'ni, shartnoma bekor qilinganidan so‘nggina — 2018 yil 7 aprel kuni OAVda tanlov haqida e'lon berilgan. Ijara shartnomasi kuchida bo‘lib turgan chog‘da obekt tanlovga chiqarilmagan. To‘g‘ri, xususiylashtirish to‘g‘risida viloyat hokimi qarori qabul qilingan, biroq tanlov e'lon qilinmagan edi. «KOMFORT DIZAYN» MChJdagilar birinchilardan bo‘lib tanlov o‘tishidan xabardor bo‘lishgan, — dedi Aziz G‘afurov.

Xullas, tender ham o‘zidan-o‘zi yoki yopiq o‘tgan emas. 2018 yil 7 aprel kuni respublika («Pravda Vostoka», «Birja») va viloyat («Zarafshon», «Samarkandskiy vestnik») gazetalarida e'lonlar berilgan. E'lonlar GKK.UZ, PRIVATIZATION.GKK.UZ, Samarqand viloyat hokimligi sayti SAMARKAND.UZ, hududiy boshqarma sayti SAMGKK.UZ, e'lonlar sayti OLX.UZ’da ham joylashtirilgan.

2018 yil 10 may kuni o‘tkazilgan tanlovda «GIDRO KAPITAL MELIO QURILISH» MChJ g‘olib deb topilgan. Biroq hanuzgacha «KOMFORT DIZAYN» MChJ vakillari binoni tanlov g‘olibga bo‘shatib bermayapti.

«GIDRO KAPITAL MELIO QURILISH» MChJ arizasiga ko‘ra, viloyat raqobat boshqarmasi tomonidan «KOMFORT DIZAYN» MChJni Samarqand tuman O‘rtashiq qishlog‘ida joylashgan qurilish ombori bino va inshootlaridan majburiy tartibda chiqarish to‘g‘risida Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudiga 2018 yil 11 iyulda da'vo arizasi bilan murojaat qilingan va mazkur ariza sudning 2018 yil 5 sentyabridagi hal qiluv qaroriga asosan qanoatlantirilgan.

To‘g‘ri, «KOMFORT DIZAYN» MChJ ham tender noto‘g‘ri o‘tkazilgani, viloyat hokimi qarori noto‘g‘ri chiqarilganini vaj qilib qarshi da'vo ariza bilan yuqori instansiya sudlariga apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida murojaat qilib kelmoqda. Biroq, ularning da'vosi qanoatlantirilgani yo‘q.

«Agar qaysidir huquq-tartibot organi shuncha murojaatlardan so‘ng o‘tkazilgan tanlovdan zarracha xato topganida, ular jim qarab o‘tirmas edi-ku?», — dedi A.G‘afurov.

Xullas, shuncha paytdan beri «KOMFORT DIZAYN» MChJ binoni bo‘shatishdan bosh tortib kelmoqda. MIB ijrochilari olti marta borib besamar urinishdi.

B.Usmonovning murojaatlaridan so‘ng viloyat hokimi ishchi guruh tashkil etib, vaziyatni yana bir bor atroflicha o‘rganishga chorladi. Ishchi guruh a'zoligiga viloyat adliya boshqarmasi, Davlat soliq boshqarmasi, statistika boshqarmasi, DXA viloyat boshqarmasi, Markaziy bank viloyat boshqarmasi, davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi boshliqlari, Samarqand tuman hokimi, jurnalistlar a'zo qilinishdi.

Ishchi guruh o‘rgangan xulosaga ko‘ra, yuzaga kelgan mojaro tufayli davlat mulkidan samarali foydalanishga to‘sqinlik yuzaga kelayotgani qayd etilgan.

Chindan ham tanlov g‘olibi bo‘lgan «GIDRO KAPITAL MELIO QURILISH» MChJ o‘z uskunalarini hududga olib kirib, ishni boshlay olmayapti. «KOMFORT DIZAYN» MChJ ham ishlamayapti. Garchi, bino eshiklari muhrlagan bo‘lsa-da, Samarqand tuman MIB ularni majburiy tartibda chiqarishga ojizlik qilmoqda.

Endi o‘ylang, «GIDRO KAPITAL MELIO QURILISH» MChJ o‘z ishini boshlaganida qancha ish o‘rni yaratib, mahsulot ishlab chiqargan, davlatga soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lagan bo‘lardi. Korxona esa hozircha bu ahvolda yotibdi.

3 dekabr kuni MIB ijrochilari korxonaga kelganida vaziyatni kuzatib turdim. «KOMFORT DIZAYN» MChJ kirish darvozasini zanjirlab qo‘ygan. Hech kim eshik ochmadi. Korxona direktorining singlisi keldi va «akam Toshkentda Oliy sudga murojaat qilyapti», deb ijroni to‘xtatishni talab qildi. Holbuki, ijroni to‘xtatish uchun biror asosli hujjat yo‘q edi. Qisqa maslahatlashuvdan so‘ng ijro 10 dekabr kuniga belgilandi. Ertaga ko‘ramiz, yana nimalar bo‘lar ekan.

Endi o‘rinli savol tug‘iladi: o‘zi obekt «KOMFORT DIZAYN» MChJniki emas, davlatniki bo‘lsa, korxonaga ijaraga berilgan bo‘lsa, ijara shartnomasi ikki oyda bekor qilinib, obekt tanlovga qo‘yilishi ma'lum qilingan bo‘lsa, tanlovda boshqa korxona yaxshiroq shartlar taklif etib g‘olib chiqqan bo‘lsa, «KOMFORT DIZAYN» MChJ yutqazganini tan olib, obektni bo‘shatib qo‘yishi, boshqa tadbirkorlarga ishlash uchun imkon berishi kerak emasmi? Tanlovda va sudlarda ketma-ket yutqazsa ham, aynan shu joyga yopishib olishdan murod ne?

Sud qarori ijrosini ta'minlash uchun borgan MIBga qarshilik ko‘rsatilgani uchun qonunda belgilangan choralar bor. O‘sha choralar nega qo‘llanmayapti?! Mas'ul idoralardan ushbu vaziyatga munosabat kutib qolamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: