Rossiyadagi konda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 3 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Jamiyat 09:36 / 09.12.2019 17787

O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasi FVVning Sverdlov viloyatidagi vakolatxonasiga tayanib ma'lum qilishicha, 2019 yil 8 dekabr kuni ertalab soat 6:45da Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Tazov tumani Pyakyaxin konida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi A.E., E.D. va A.S. vafot etdi, hamyurtimiz T.A. kuyib shifoxonaga joylashtirildi.

Tashqi ishlar vazirligi xabarida aytilishicha, ayni paytda tegishli organlar tomonidan tergov tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog‘lik konsullik-huquqiy, tashkiliy va boshqa masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan hamda Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan oblasti, Sverdlovsk oblasti, Tyumen oblasti, Chelyabinsk oblasti, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra, Yamal-Nenetsk avtonom okrugi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda mamlakatning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.

Ko‘proq yangiliklar: