30 noyabr kuni Kun.uz saytida «Qish sovug‘i etni junjiktiradi, Sirdaryoda esa bir oila poxol ustida jon saqlamoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
Unda juda xarob holdagi betonli binoda 3 yildan buyon farzandlari bilan yashab kelayotgan mirzaobodlik Ro‘zixon Alisheva haqida hikoya qilingan va uning oilasi uchun xayriya aksiyasi boshlangan edi.
Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Ro‘zixon opa tahririyatimiz bilan bog‘landi. Uning aytishicha, tuman hokimligi tomonidan shu yilning 20 dekabriga qadar berilishi va'da qilingan uy belgilangan muddatga qolmay oila a'zolariga topshirilgan. Shuningdek, bir necha kun ichida xayriya aksiyasi orqali ro‘zg‘orning kam-ko‘stini to‘ldirish, hatto kichik bir tadbirkorlik faoliyatini boshlashga ham yetarli mablag‘ yig‘ilgan.
Yangi xonadonni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish va oila uchun yaratilgan sharoitlar bilan o‘quvchilarimizni ham tanishtirish haqidagi taklifga ko‘ra, qahramonimiz ko‘chib borgan yangi manzilda bo‘ldik.
Borgan manzilimiz Sirdaryo viloyatining hozirda katta qurilish maydoniga aylangan Xovos tumani. Bu yerda O‘zbekiston prezidentining shu yil fevral oyida Sirdaryoga qilgan tashrifida bergan topshirig‘i bo‘yicha jami 100 gektar maydonda Xovos tumanining yangi markazi qurilmoqda.
Qahramonimizga yangi markaz hududida qurilgan va hozirda yakuniy jihozlash ishlari davom etayotgan namunali uylardan biri topshirilgan.
Uy 3ta xonadan iborat. Shuningdek, oshxona, yuvinish xonasi va qo‘shimcha binolarga ega. Bizga aytilishicha, namunali uylar qurilishi to‘liq tugallanishi bilan hududda bolalar uchun maydoncha va madaniy hordiq chiqarish maskanlari ham quriladi.
Umuman olganda, qulay imkoniyat va sharoitga ega yangi xonadon maqolamiz qahramoni bo‘lgan oila a'zolariga haqiqiy quvonch olib kelgani ularning yuz-ko‘zlaridan shundoq ko‘rinib turibdi.
«Avvalo, bir oila taqdiriga befarq bo‘lmay yordam ko‘rsatgan, qo‘llab-quvvatlagan barcha yaxshi insonlarga minnatdorchilik bildiraman. Shu o‘rinda prezidentimiz va tuman rahbarlariga ham katta rahmat aytaman.
Maqola chiqqach oradan 3 kun o‘tib yangi uyga ko‘chib keldik. Ko‘chishimizga esa Mirzaobod va Xovos tuman hokimligi mutasaddilari katta yordam berishdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning turli joylari, Qozog‘iston, Rossiya kabi davlatlardan ham yurtdoshlarimiz telefon qilib turishdi.
Yangi uyimizda yashash uchun hamma sharoit yetarli.
Endilikda ikki qizimni maktabga, kichik farzandimni bog‘chaga joylashtirib olsam, o‘zim esa biror ish topib ishlashni maqsad qilib turibman», deydi qahramonimiz.
Prezidentning «Aholini kam ta'minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3268-son qarori bo‘yicha tuman hokimligi tomonidan uyga muhtoj oilalar o‘rganib chiqilgan.
Ro‘zixon Alishevaga ham shu qaror asosida yangi qurilgan namunali uylardan berildi. Bundan tashqari, tumanda yana 22 nafar kam ta'minlangan ayollarga uy olishlari uchun boshlang‘ich badallari to‘lab berilgan. Ular ham yangi yilgacha o‘z uylariga ko‘chib o‘tadi», deydi Mirzaobod tuman hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Laylo Xidirova.
Endilikda yangi uyli, o‘z tili bilan aytganda «vatanli» bo‘lgan Ro‘zixon opa ishga joylashib hayotini yangidan yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
«Menga qiyin damlarda shu xalqimiz, yaxshi insonlar yordam, dalda berdi. Bundan buyon qo‘limdan kelganicha muhtojlarga yordam berib, yaxshilik yo‘lida xizmatda bo‘laman», dedi Ro‘zixon opa.
Oiladagi ikki qiz – Gulnora va Sevinch tegishli hujjatlar tayyor bo‘lishi bilan yangi maktabda o‘qishini boshlaydi. Ular kelgusida oliy ta'lim muassasasiga kirish uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlashmoqchi. Eng kichik farzand – Murodjon esa Xovos tuman hokimligi mutasaddilari ko‘magi bilan mahalla hududidagi maktabgacha ta'lim muassasasiga qatnaydigan bo‘ldi.
Bu haqda Xovos tuman hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Gulsara Bobojonova shunday deydi: «Tumanimizga ko‘chib kelgan Ro‘zixon Alishevaning maktab yoshidagi farzandlari mahallaga eng yaqin hududdagi maktabga joylashtirildi.
Shuningdek, uni ishga joylashtirish uchun hujjatlarini tikuv sexiga topshirdik. Tez kunlarda ijobiy javob beriladi. Bog‘cha yoshidagi farzandi esa Xovos tumanining yangi markazi hududidagi bog‘chaga joylashtirilmoqda».
Sirdaryodan yaxshi kayfiyatda, murojaat natijasidan ko‘nglimiz to‘lib qaytdik. Shu o‘rinda biz ham inson taqdiriga befarq bo‘lmagan aziz yurtdoshlarimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Qilgan xayriyalaringiz umringizga umr, rizqingizga rizq, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik ato etsin. Yaxshilik qilishdan charchamang, tolmang, aziz yurtdoshlar!
Ilyos Safarov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.