Tergov departamenti Andijondagi portlash bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

Jamiyat 08:02 / 05.12.2019 19657

2019 yil 4 dekabr kuni soat taxminan 14:05 da Andijon shahar 2-kichik dahada joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi 30 yoshli fuqaro D.S.ning xonadonida o‘rnatilgan gaz tortgich moslamasida uyda hech kim yo‘qligi va nazoratsiz qolishi oqibatida ko‘p miqdorda gaz to‘planib chaqnashi natijasida yong‘in kelib chiqqan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan taqdim etilgan qo‘shimcha ma'lumotga ko‘ra, yong‘in sabab mazkur ko‘p qavatli uyda joylashgan 8 ta xonadon zarar ko‘rgan hamda 11 nafar fuqarolar termodestruktiv mahsulotlaridan zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Jabr ko‘rganlar orasida 3 nafar voyaga yetmaganlar bor. Jabrlanganlar orasida qurbonlar yo‘q.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bundan oldin, Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida portlash sodir bo‘lgani, 8 kishi kasalxonaga yotqizilgani xabar qilingandi. 

Ko‘proq yangiliklar: