«Sovqotmayapsizmi, talaba?» - Toshkent davlat agrar universitetining Andijondagi filialida

Jamiyat 17:00 / 04.12.2019 32035

 Qish hali qilichini qayrab kelganicha yo‘q. Havo biroz sovidi xolos. Biroq, noyabr oyi yarmidan boshlab tahririyatimizga «fasliy murojaatlar yomg‘iri yog‘ildi». Mavzu bir xil: «Gaz yo‘q, ko‘mir qimmat, elektr o‘chyapti».

 Sovuq fasl ko‘plab tashkilotlarning kuz-qish mavsumiga qay darajada tadorik ko‘rganini ko‘zgu singari ko‘rsatib beryapti.

 Ayniqsa, bunday murojaatlar ta'lim dargohlari va shifoxonalardan tushayotgani achinarli. Navbatdagi arznomani o‘rgangani Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filialiga bordik.

 Nufuzli oliy ta'lim muassasasida 3800 nafardan ziyod talaba o‘qiydi. Oliy dargohning talaba va o‘qituvchilari auditoriyalar sovuqligidan shikoyat qilishgan.

 «Qanday sovuq sharoitda dars o‘tayotganimizni bir ko‘rib keting!», deyilgan edi murojaatda.

 Rektor o‘rinbosari Murodjon Otajonov bilan birga o‘quv xonalari, yotoqxona va kutubxonadagi holat bilan tanishdik.

«Qishloq xo‘jalik mashinalari va texnik servisni tashkil etish» kafedrasi binosidamiz.

Auditoriyada suv xo‘jaligi melioratsiyasi fakulteti 4-kurs 51, 52 va 53-guruhlarining dars jarayoni tugayotgan ekan. O‘quv xonasida isitish tizimi ishlamayotganidan o‘quvchilar palto kiygan holda, boshlarida qalpoqlari bilan o‘tirishibdi. Bir partada uch-to‘rttadan bir-biriga yopishganicha o‘tirib ma'ruza tinglayotgan yoshlarga havas qilib bo‘lmaydi. O‘qituvchi ham palto va telpak kiyib olgan.  

 

Elektr isitgich ham yo‘q ekan. «Sovuqligi uchun issiq kurtkada o‘tiribmiz», deydi talabalardan biri Sayyora Abdullayeva.

 Binoning «Zamonaviy qishloq xo‘jalik texniklari texnik servisi» o‘quv xonasida 17 nafar talaba dars olayotgan ekan. Ular ham bosh kiyimlarini yechishmagan.

 «Ikki hafta, sovuq kunlar boshlanganidan beri issiq kiyimlarimizda o‘tiribmiz», deydi o‘zini 4-kurs talabasi Saidjon Solijonov deb tanishtirgan talaba.

 Yana bir o‘quv xonasiga kirdik, «Kasbiy ta'lim» fakulteti, 4-kursning 12-guruh talabalari darsi tugash arafasida ekan. Xonada markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan batareyalar mavjud. Lekin, ushlasangiz qo‘lingiz muzlaydi. Talabalar elektr isitgichlardan doimiy foydalanishga rozetkalar chidamasligini, filial rahbarlarining talabalarga bir oydan so‘ng yangi binoga o‘tishlari haqida ma'lumot berishganini aytishdi.

 Talabalar yotoqxonasida bo‘ldik. Yotoqxonada issiqlik yetarli darajada ekan. Oliygoh kutubxonasiga borganimizda u yerda ham isitish tizimi ko‘ngildagidek ishlayotganiga guvoh bo‘ldik.

Shundan so‘ng oliygohning talabalar «Iqtisodiyot» deb ataydigan fakulteti binosidagi sharoitlar bilan tanishdik. Mazkur binoda ham xonalar juda sovuq. O‘quvchilar issiq kiyimlarda ta'lim olishmoqda.

Yoshlar ichida o‘z o‘qituvchilaridan uyalib, «Sovqotmayapmiz, qiyinchiliklar yo‘q», deganlari ham bo‘ldi. Ular o‘z ustozlarini xijolatga qo‘ymaslikka urinayotgani ijobiy holat. Lekin, xonalardagi «batareya»larda ko‘p vaqtdan beri issiqlik yurmagan.

 Mazkur holat bo‘yicha OTM ishlar bo‘limi rahbari Nodirbek Soliyev izoh berdi.

 «Qishloq xo‘jalik mashinalari va texnik servisni tashkil etish» va «Iqtisodiyot» kafedrasi binolarida issiqlik tizimi ko‘p yillar davomida ishlashi natijasida suv aylanishi va «batareya»larda muammolar kelib chiqqan. Ayni paytda shu sohaga ixtisoslashgan firma bilan shartnoma tuzib, to‘liq ko‘rikdan o‘tkazyapmiz. Soha mutaxassislari ish olib borayotganiga o‘zlaringiz ham guvoh bo‘ldingiz. Shu hafta oxiriga ikkala binodagi isitish tizimida muammo qolmaydi.

 Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish davomida 191 tonna ko‘mir zaxirasi tayyorlandi. Hozirgi kunda ko‘mir-o‘tin zaxiramiz yetarli. 273 million so‘m mablag‘-smeta tasdiqlanib yangi tabiiy gaz tarmog‘i tortish ishlari boshlangan. Gaz tarmog‘i uzog‘i bilan 15 kunda ishga tushadi. Fakultetlarni yangi binoga ko‘chiramiz. Yangi binolarga zamonaviy qozonxonalar o‘rnatilgan. Aynan ikkita binoda muammo bor. Keyingi haftaga OTMda issiqlik tizimi bo‘yicha muammolar qolmaydi», deydi Nodirbek Soliyev ishonch bilan.

Mutasaddilar yangi binolar bitgach, hammasi izga tushib ketishini bildirishdi. Mavjud binolarda esa sovuq mavsumga tayyorgarlik ishlari o‘z vaqtida bajarilmagan.

 Talabalarning ayni kunlarda sovuq va sharoitsiz xonalarda ta'lim olayotgani achinarli holat. Mamlakat kelajagi bo‘lgan yoshlar va o‘qituvchilar - keng, yorug‘ va barcha shart-sharoitlarga ega muassasada o‘qishlari va o‘qitishlari kerak. Sovuq xonalarda ta'lim sifati haqida gapirishning o‘zi qiyin masala.

 Kun.uz mazkur muammoga yana qaytadi.

Jurnalist Elmurod Ermatov
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: