Samarqandning uch tumanidagi xonadonlarda saqlab kelinayotgan marixuana aniqlandi

Jamiyat 07:46 / 04.12.2019 6893

Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan «Antiterror» tozalash tadbiri jarayonida boshqarmaning tezkor xizmat xodimlari tomonidan giyohvandlik moddasini saqlash va o‘tkazishga oid holatlar ochilgan.

Viloyat IIB matbuot xizmati Kun.uz ga taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, 16 noyabr kuni Narpay tumanining «Iymon» MFYda yashovchi H.T.ning xonadoni va tomorqasida o‘tkazilgan tintuv va ko‘zdan kechirish jarayonida uy hammomining isitish pechi ichidan paketga o‘ralgan va gugurt qutilariga qadoqlangan 1526 gramm marixuana giyohvandlik moddasi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

19 noyabr kuni Paxtachi tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida tumanning «Istiqlol» mahallasida yashovchi T.B. o‘zining shubhali xatti-harakatlari bilan diqqatni tortgan. U tuman IIBga olib kelinib, xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv o‘tkazilganda, kiyimi cho‘ntagidan 27,99 gramm marixuana giyohvandlik vositasi topilgan. Shundan so‘ng uning yashash uyi va yordamchi xo‘jalik xonalarida xolislar ishtirokida tintuv qilinganida yana 1300,66 gramm saqlab qo‘yilgan marixuana giyohvandlik vositasi topilgan.

21 noyabr kuni Jomboy tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan ana shunday tadbir davomida, «Sariqipchoq» MFYda yashovchi, fuqaro Sh.M.ning xonadoni ko‘zdan kechirilganida, jami 647,48 gramm marixuana giyohvandlik moddasi topilgan.

Mazkur holatlarning har biri yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: