Farg‘onadagi magistral gaz quvurida yong‘in yuz berdi 

Jamiyat 08:08 / 04.12.2019 9489

Magistral gaz quvurlari muhofaza hududi va xavfsizlik talablariga amal qilmaslik natijasida turli xil noxush holatlar kelib chiqmoqda, deb xabar beradi «O‘ztransgaz» AJ matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2019 yil 3 dekabr soat 15:15da Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Baxmal qishlog‘i hududidan o‘tgan Farg‘ona magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli «Beshariq» GTSga boruvchi diametri 219 mm bo‘lgan quvur tarmog‘ining 4-5 km oralig‘ida noqonuniy holda, tegishli ruxsatnomalarsiz ekskavator yordamida yer ishlarini (tosh olish) olib borish natijasida magistral gaz quvur tarmog‘iga shikast yetkazilgan va quvur teshilgan. 

Bildirilishicha, bu yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lgan va oqibatda ekskavator haydovchisi, 1960 yilda tug‘ilgan D.M. kuyish tan jarohati olib, tezkorlik bilan Beshariq shahar shifoxonasiga yetkazilgan.

Avariya holatini tezkor ravishda bartaraf etish uchun magistral gaz quvuriga gaz berish to‘xtatilgan va yong‘in tezda o‘chirilgan.

Avariya natijasida shikastlangan gaz quvuri kech soat 20:50da qayta tiklandi, aholiga tabiiy gaz yetkazib berish 4 dekabrda tiklanishi aytilgan.

«Hurmatli vatandoshlar! Barcha turdagi energiya ta'minoti tizimining, ayniqsa yuqori bosimli gaz quvurlarining muhofaza hududi va xavfsizlik talablariga amal qilishga hamda shu kabi holatlarning oldini olishga chaqirib qolamiz», - deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: