Farg‘onada profilaktika inspektorini haqorat qilgan fuqaro jamoat tartibini buzgani uchun 15 sutkaga qamaldi

Jamiyat 11:51 / 04.12.2019 5187

So‘nggi paytlarda fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlari bilan noo‘rin tortishuvlari, ularning qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik holatlari tez-tez yuz berib, bu haqda ba'zan ijtimoiy tarmoqlarda ham noxolis xabarlar tarqatilmoqda. Deyarli barcha holatlar yakunida fuqarolar o‘zlarining xatolarini tushunib, kechirim so‘rashmoqda, deb yozadi Postda.uz.

Qayd etilishicha, Oltiariq tumanida ham xuddi shunday voqea ro‘y berdi. Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, shu tumanda yashovchi fuqaro M.G‘.ning tan jarohati olganligi holati bo‘yicha tuman IIB profilaktika inspektoriga surishtiruv ishlari olib borish vazifasi topshiriladi. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borayotgan profilaktika inspektorining uyali telefoniga ushbu voqeaga hech qanday aloqasi bo‘lmagan tumanning Mustaqillik mahallasida yashovchi fuqaro Yu.E. qo‘ng‘iroq qilib, M.G‘.ning tan jarohati olganligi bo‘yicha to‘plangan hujjatlarini sudga yubormasligini talab qilib, tahdidli gaplar aytadi va kurakda turmaydigan so‘zlar bilan uni haqorat qiladi.

Profilaktika inspektori tuman IIB boshlig‘i nomiga Yu.E.ning harakatlari bo‘yicha bildirgi bilan murojaat qilib, unga qonuniy chora ko‘rishni so‘radi. Mazkur bildirgi yuzasidan tuman IIBning tegishli xodimlari fuqaro Yu.E.ni holat bo‘yicha tushuntirish berish uchun bir necha marotaba ichki ishlar bo‘limiga chaqirishadi. Ko‘p marotaba ogohlantirilishiga qaramay, fuqaro bo‘limga kelishdan qat'iy bo‘yin tovlaydi.

Natijada IIB xodimlari uning tuman markazida yurganligi to‘g‘risida tezkor ma'lumot olib, ma'muriy tartibda ushlaydilar va IIBga olib kelishadi. Yu.E. esa xodimlarning qonuniy talablarini bajarmay, jamoat joyida baqir-chaqir qilib, uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzadi.

Fuqaro Yu.E. ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan deb topilib, to‘plangan hujjatlar Bag‘dod tumani ma'muriy sudiga yuborildi. Bag‘dod tumani ma'muriy sudining ochiq sud majlisida fuqaro Yu.E.ning qilmishlari atroflicha ko‘rib chiqilib, unga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima hamda 15 (o‘n besh) sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ko‘proq yangiliklar: