Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bir marotaba ishlatiladigan tibbiy asboblar ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonga mahalliy valutada 8,55 million yevro ekvivalentida kredit ajratadi.
YeTTBning Kun.uz’ga xabar berishicha, Healthline tibbiy qo‘lqoplarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi, FINTECC 67 360 AQSh dollari miqdorida grant ajratadi.
Qayd etilishicha, YeTTB tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan zamonaviy tibbiy asboblarning ishlab chiqarilishi Markaziy Osiyoning eng zich joylashgan mamlakat aholisi va bemorlari uchun yanada yaxshiroq parvarishlash va gigiyena standartlaridan foydalanish imkonini beradi.
Bir marotaba ishlatiladigan tibbiy asboblar, ya'ni shpritslar, sistemalar va dializ filtrlarini ishlab chiqarish va savdosi bo‘yicha mahalliy yetakchi Healthline MChJ qo‘shma korxonasi YeTTBning mahalliy valutada ajratadigan 8,55 million yevro krediti ishtirokida bir marotaba ishlatiladigan tibbiy qo‘lqoplarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.
YeTTBning O‘zbekiston xususiy sektor mijoziga berayotgan birinchi mahalliy valutadagi krediti Healthline qo‘shma korxonasiga o‘zining mahalliy tibbiy ishlab chiqarish sohasidagi bozor mavqeini mustahkamlashga xizmat ko‘rsatadi.
Ajratiladigan kredit Global Environmental Facility Trust Fund (Xalqaro Ekologik Jamg‘arma Fondi) tomonidan moliyalashtirilgan YeTTBning Finance and Technology Transfer Centre for Climate Change (FINTECC, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha moliya va texnologiyalar bilan ta'minlash) dasturining 67 360 AQSh dollari miqdoridagi granti bilan ham ta'minlanadi. Grant, amalga oshirilish mobaynida, umumiy energiya sarfini kamida 40 foizga kamaytiradigan tabiiy gaz asosida ishlaydigan va issiqlik energiyasini qayta tiklaydigan yangi texnologiyani tatbiq etishdagi xarajatlarni qoplaydi. Shu bilan birga, bu tabiiy gaz iste'molini 40 foizga qisqartirib, har yili ekologik chiqindilarni 6.460 tonna karbonat angidrid ekvivalentida kamaytirishga erishiladi. FINTECC asosan hududda iqlim o‘zgarishini yumshatish va unga moslashishga qaratilgan texnologiyalarni o‘zlashtirishga ko‘maklashadi.
Ma'lumot uchun, bugungi kunga qadar YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 73 ta loyiha orqali 1,6 milliard yevro sarmoya kiritdi. Mamlakat xususiy sektorini mustahkamlash orqali o‘z iqtisodiyotini isloh qilayotgan bir pallada, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish muhimdir.