Sirdaryoda pedagoglarning 66,8 foizi abiturentlarga imtihonda beriladigan testlarni qoniqarsiz bajardi – Vazirlik

Jamiyat 21:00 / 03.12.2019 22630

«Avvalo, o‘qituvchilarning malakasini aniqlash uchun imtihonlar o‘tkazdik. Afsuski, Davlat test markazi bazasidan olingan test topshiriqlarini bajargan o‘qituvchilarning natijalari qoniqarli chiqmadi.

O‘rtacha hisobda 66,8 foiz pedagog va rahbarlarimiz abituriyentlarga kirish imtihonida beriladigan test topshiriqlarini qoniqarsiz bajardi. Bu juda achinarli ahvolni ko‘rsatib berdi.

Agar matematik o‘z o‘quvchisini matematika fanidan OTMga kirish imtihoniga tayyorlay olmasa, qanday qilib o‘qituvchiga o‘z farzandimizni ishonib topshirishimiz mumkin», deydi Alisher Umarov «O‘qituvchilarning mustaqil rivojlanishi, o‘qitish usullarini takomillashtirish, malaka talablariga muvofiq tanlash» mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumani vaqtida.

Vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, yillar davomida o‘qituvchilarga o‘z ustida ishlash imkoni berilmagani natijalar qoniqarli bo‘lmasligi sabablaridan biridir. Shuning uchun hozirda Sirdaryo viloyatida ochiqlik va shaffoflikni joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Biz o‘qituvchilarga agar past baho olsangiz ham, ishdan bo‘shatmaymiz, aksincha, kamchiligingiz asosida o‘z ustingizda ishlash uchun individual reja tayyorlaymiz, degan taklifni berdik», deya Alisher Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari viloyatda o‘tkazilgan tahlillar asosida aksar pedagoglarda bitiruvchilar bilan ishlashda psixologik tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq kamchiliklar ham borligi aniqlanganini qayd etib o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: