O‘zAning asosiy vazifalari belgilandi

O‘zbekiston 08:01 / 03.12.2019 7107

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zAning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy ma'lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, rasmiy bayonotlari va ma'ruzalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Hukumatining qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish;

respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritish;

jamoatchilikning katta qiziqishini uyg‘otayotgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda ma'lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borish;

axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlik qilish va ulardan tizimli ravishda statistik, tahliliy va boshqa turdagi ma'lumotlarni olish;

boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy
va madaniy rivojlanishiga oid ma'lumotlar (axborot, foto va video materiallar) bazasini shakllantirish;

o‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning ko‘p yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish;

yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni dunyoga keng tarqatish, jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida mamlakatimiz aholisiga tezkor axborot yetkazib berish, xorijdagi axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zA va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining respublika ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid yangiliklar bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish, ularga axborot-tahliliy, shu jumladan, audio va video axborotlar yetkazish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida O‘zA tarkibida Media markaz tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar Media markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

axborot-tahliliy va multimedia materiallar, eshittirish va ko‘rsatuvlar, voqea joyidan onlayn reportajlar tayyorlash, audio va video materiallarni qayta ishlash, ularni O‘zAning veb-saytiga joylashtirish va ommaviy axborot vositalariga belgilangan tartibda yetkazib berish;

axborotni qayta ishlash va tarqatishning zamonaviy usullaridan, jumladan, infografika, moushn-grafika, ijtimoiy rolik, 360 formatidagi video va boshqalardan keng foydalanish;

davlat organlari mutaxassislarini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish.

O‘zA huzurida uning faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha Maslahat kengashi tuzilmoqda.

Quyidagilar Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:

O‘zA faoliyati haqida keng jamoatchilik fikrini tahlil qilgan holda uning samaradorligini yanada oshirish hamda agentlikning axborot makonidagi o‘rni va rolini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

O‘zA faoliyatining rivojlanish darajasini o‘rganish, agentlikka metodik tavsiyalar berish, uning ishida yuzaga keladigan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish;

davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish rejalarini belgilash, tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish;

xalqaro va xorijiy axborot agentliklari, xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishiga ko‘maklashish va ular ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish.

Ko‘proq yangiliklar: