«Adolat» SDP: ta'lim tizimida qanday islohotlarni amalga oshirmoqchi?

Jamiyat 22:02 / 03.12.2019 9859

Lazizjon Usmonov, Uchko‘prik agrosanoat va servis kolleji direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

— Barchamizga ma'lumki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar tizimli amalga oshirilmoqda. Ta'lim tizimini isloh qilish, mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida ham ko‘plab o‘zgarishlarni kuzatish mumkin.

Zotan, ta'limga investitsiya kiritish – bu kelajakka sarmoya kiritish, xalq farovonligi, davlatning raqobatdoshligini ta'minlashdir. Shu bois biz uzluksiz ta'lim tizimini muntazam takomillashtirish, sifatli ta'lim-tarbiya berish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tarafdorimiz.

Biz bundan keyin ham maktabgacha ta'lim tizimini salmoqli kengaytirish va ularda bolalarning intellektual, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olishni sezilarli ravishda oshirish borasidagi sa'y-harakatlarni davom ettiramiz. Bizning kelgusi 5 yillik pirovard maqsadimiz – bolalarning maktabgacha ta'lim muassasalarida qamrab olinish darajasini ikki borabarga ko‘tarishdir.

Biz o‘qituvchilar huquqiy maqomini yanada yuksaltirish, ularning ish xaqi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshiramiz, “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida” alohida qonun hamda “Ta'lim to‘g‘risidagi kodeks”ni qabul qilishni taklif etamiz. Istiqbolda butun ta'lim jarayonini muvofiqlashtiruvchi yagona huquqiy tizimni yaratamiz.

Murodbek G‘ofurov, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod;

— Maqsadimiz – ijtimoiy adolat tamoyilini ta'minlash. Ijtimoiy adolat – bu siyosiy qarashlari, jinsi, millati, tili va diniy e'tiqodidan qat'i nazar, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini ta'minlashdir. Bu – ta'lim, tibbiyot va boshqa sohalardagi imkoniyatlar tengligidir. Ana shu ezgu maqsad va faoliyatni amalga oshirishda adolat mezonlari asosida qator ustuvor vazifalarni amalga oshirishni ilgari suramiz.

Budjet sohasi xodimlari uchun budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan idoraviy uy-joylarning qurilish hajmini kengaytirish, qurilayotgan uy-joylarning sifatini oshirish, aholini ish bilan band etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsizlikka qarshi kurashish masalalariga ham alohida e'tibor qaratganmiz.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Andijon viloyati butun mamlakat umumiy maydonining 1 foizini, jami aholining 10 foizini tashkil etadi. Bu o‘z-o‘zidan aholimizning uy-joy va ish o‘rinlariga bo‘lgan talabi yuqoriligini ko‘rsatib turibdi. Har yili aholimiz salkam oltmish ming nafarga ko‘paymoqda. Yer maydoni zich bo‘lgan viloyatda ko‘p qavatli uylarni qurish va o‘z navbatida kommunal infratuzilmasini rivojlantirish, har bir qarich yerdan unumli foydalanishni tashkil etadi.

Abduvali Mavlanov, Norin tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod;

— Oldimizda yangi vazifalar turibdi. Ularning barchasi partiyaning saylovoldi dasturida o‘z ifodasini topgan. Shu o‘rinda men kelgusi besh yilda partiyadoshlarimiz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladigan hujjatning bir qator jihatlariga to‘xtalmoqchiman.

Saylovoldi dasturida mamlakatimiz parlamenti demokratiyaning haqiqiy maktabiga, islohotlarni amalga oshirishda tashabbuskor va hal qiluvchi kuch sifatida, qolgan barcha muhim vazifalarni e'tibor markazidan chetda qoldirmagan holda ikki muhim masala: birinchisi – jamiyatda adolat, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, ikkinchisi – aholi sog‘lig‘ini saqlash masalalarini hal etib borishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Partiyamiz sog‘liqni saqlash sohasining xususiy sektorini barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biri sifatida e'tirof etish bilan birga, sog‘liqni saqlashning davlat sektorini mustahkamlash, sohada yuqori malakali xorijiy mutaxassislar sonini oshirish va xorijiy investitsiyalarni kengaytirish, kadrlar malakasini oshirish va tayyorlashni samarali tizimini shakllantirish, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga keng e'tibor qaratadi. Kelgusi besh yillikda sog‘liqni saqlash bo‘yicha davlat xarajatlarini umumiy davlat xarajatlariga nisbatan 15,4 foizdan 17 foizga hamda har 1000 kishiga xizmat ko‘rsatuvchi shifokorlar sonini 2.45 nafardan 5 nafarga, shifoxona muassasalari sonini esa 1135 tadan 1250 taga oshirish – ushbu yo‘nalishdagi asosiy vazifalar hisoblanadi.

Zamonaviy, yuqori texnologiyali, samarali tez tibbiy yordam xizmatini shakllantirish shu kunning eng muhim talabidir. Biz shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatining tezkorligi xalqaro e'tirof etilgan talablarga mos bo‘lishi, uni boshqarishning axborot tizimini joriy qilish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tarafdorimiz.

Biz maktablar va maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish ta'minoti tizimini mustahkamlash, har bir maktabda malakali tibbiy xizmatni joriy etish, bolalarga bepul stomatologiya xizmati ko‘rsatilishini ta'minlash, bolalarni bepul dori vositalari bilan uzluksiz ta'minlash, har bir bolada sil kasalini aniqlash uchun mantu sinamasi o‘tkazish, bolalar orasidagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlashlar o‘tkazish masalalarini kechiktirib bo‘lmas dolzarb vazifalar deb hisoblaymiz. Shuningdek, skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug‘ruq komplekslari, ginekologik va patronaj xizmatlari faoliyatini doimiy yaxshilab borishni zarur, deb bilamiz. Bolalar tibbiyot birlashmalari tizimi (maktab tibbiyoti)ni tubdan yaxshilashga qaratilgan “Sog‘lom bolalik” loyihasini amalga oshirishni taklif qilamiz.

“Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirish, tibbiyot sohasiga zamonaviy AKTlarni keng joriy etish, aholini xavfsiz dori-darmon vositalari bilan ta'minlash, ushbu yo‘nalishda deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish bo‘yicha ta'sirchan qonunchilik mexanizmlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilish choralarini ko‘ramiz.

Biz aholini ijtimoiy ahamiyatga ega, yuqori samarali xavfsiz dori-darmon va tibbiy vositalar bilan arzon narxlarda ta'minlash, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori-darmonlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish tarafdorimiz. Nafaqat hayotiy zarur medikamentlar aylanmasi va sifati, balki chakana savdoga tushuvchi barcha dorilar ustidan qat'iy davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishni taklif qilamiz.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi ustuvor maqsadimiz – aholiga barcha darajada (respublika, viloyat, tuman, qishloq) yuqori texnologiyali, ixtisoslashtirilgan va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi samaradorligini ta'minlashdan iborat. Biz kasallanish yo‘nalishlarini o‘z vaqtida aniqlash maqsadida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimiga ilmiy-tadqiqot faoliyatining oxirgi yutuqlarini faol joriy qilish tarafdorimiz.

O‘zbekiston “Adolat” SDP nomzodlariga ovoz bering!

Adolat SDP matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: