Temir yo‘lni kesib o‘tayotgan 82 yoshli fuqaroni poyezd urib ketdi 

Jamiyat 11:23 / 02.12.2019 14916

Namangan viloyatida temir yo‘lni kesib o‘tayotgan fuqaroni poyezd urib ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Bugun, 2019 yil 2 dekabr kuni, soat 05:50larda elektrovoz mashinisti 28 yoshli A.Sh. boshqaruvidagi 1230-sonli yuk poyezdini Namangan viloyati Pop tumani hududidan o‘tuvchi «Qo‘shminor-Pop» temir yo‘l oralig‘ining 115-km. 1-piketida harakatlantirib ketayotgan vaqtida temir yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda 82 yoshli T.M.ni urib yuborganligi natijasida T.M. hodisa joyida vafot etgan.

1230-sonli yuk poyezdi soat 05:50da to‘xtab, soat 06:37da o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketgan.

Hozirda hodisa sodir bo‘lgan joyda tergov-tezkor guruhi ishlamoqda va hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Sizdan temir yo‘l yaqinida harakatlanayotganingizda yoki yo‘lni kesib o‘tayotganingizda belgilangan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishingizni so‘raymiz”, - deyiladi Tergov departamenti xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: