Farg‘onada “Aqlvoy” ko‘chma maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirildi

Jamiyat 16:25 / 02.12.2019 3248

O‘zbekistonda Maktabgacha ta'lim tashkilotlari tizimini rivojlantirish, bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga jalb etish, maktabga tayyorlash masalalari ta'lim sohasidagi davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri deb qaralmoqda. Barkamol avlodni tarbiyalash uchun, eng avvalo, qulay sharoitlar yaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur sohadagi islohotlar izchil davom ettirilib, maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini hozirgi zamon talablari va standartlari asosida rivojlantirish, ularni rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga qaratilayotgan e'tibor zamirida ham kelajagimiz egalarining hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishlari hamda buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lib voyaga yetishlarini ta'minlashdek ezgu maqsad mujassam.

Davlatimiz rahbarining qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan dasturida keng ko‘lamli strategik maqsadlar, muhim vazifalar belgilanganligi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 avgustdagi “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi 786-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Maktabgacha ta'lim vazirligining tashabbusi bilan yangi loyiha ishlab chiqilib “Aqlvoy” deb nomlandi.

“O‘zavtosanoat» AJ tomonidan tayyorlangan mazkur ko‘chma maktabgacha ta'lim tashkiloti avtobusga joylashtirilgan bo‘lib, asosan, respublikamizning eng chekka qishloqlarida bolalar bog‘chasi qurishning imkoni bo‘lmagan hududlar hamda ovullarga mo‘ljallangan. Bu esa maktabgacha ta'lim tizimiga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlash uchun xizmat qiladi. Ahamiyatlisi shundaki, bu kabi ko‘chma maktabgacha ta'lim tashkilotlari yurtimizda ilk bor tatbiq etilmoqda.  

Har bir viloyatning o‘ziga xos xususiyati hamda geografik joylashuvidan kelib chiqib 16 dona avtobuslar belgilangan manzillarga yuborilgan edi.

Shulardan biri “Aqlvoy” Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida o‘z ish faoliyati boshladi. Ota onalar va bolajonlarning quvonchi cheksiz. Uchko‘prik tumanidagi eng olis qishloqlar hisoblangan Yulg‘unzor, Suyunchol, To‘qsonqovun qishlog‘idagi maktabgacha ta'lim tizimiga qamrab olinmagan 96 nafar bolalarni o‘z ichiga qamrab oldi.

Yulg‘unzor qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Uchko‘prik tumani hokimi A. Maxmutaliyev , Farg‘ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Yu.Xodjayeva tegishli mutasaddilar, mahalla faollari va tarbiyalanuvchilarning ota onalari ishtirok etishdi. Tadbir davomida nuroniylar tomonidan ushbu ishlarga bosh-qosh bo‘lgan mutasaddilarga rahmatlar aytilib, duolar qilindi.

Yangi loyihada o‘quv-tarbiyaviy jarayon ikki smenada amalga oshiriladi, issiq kunlarda mashg‘ulotlarning katta qismi ochiq havoda o‘tkazilishi, yo‘nalishning har bir nuqtasi chodir, to‘siqlar, o‘rindiqlar, tepaliklar, arg‘imchoqlar, o‘yin uychalari va qum maydonchalari bilan jihozlangan avtoturargohlarning faoliyat olib borishi maktabgacha ta'limga qamrab olinmagan bolalarni kelgusida maktabga tayyorlash jarayonida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: