Vodiyda yana o‘sha manzara: Haydovchilar kunni navbatda turib o‘tkazmoqda, mutasaddilar holatni qanday izohlaydi?

Jamiyat 17:00 / 01.12.2019 59925

Bu yil Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalaridagi muammolar o‘tgan yilgidan ertaroq boshlandi. «Zapravka»larda noyabrning ikkinchi yarmidan boshlab oxiri yo‘q navbatlar paydo bo‘lgan. 2018 yil bunday holat dekabr oyi oxirida boshlangan edi. Mazkur muammo 2018 yil 31 dekabr kuni qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi orqali gaz o‘tkazish bilan yechilgandi.

 Kun.uz saytiga kelayotgan ko‘pdan-ko‘p murojaatlarni o‘rganish maqsadida vodiyning uch viloyatidagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarida bo‘ldik.

Eng uzun navbatlar Farg‘ona viloyatidagi «zapravka»larda ekan

Ayni kunlarda vodiy yo‘llarini quyuq tuman qoplagan. Noyabr oyining so‘nggi kuni ertalab viloyatning Yozyovon tumani markazidan uch kilometr uzoqlikdagi «Real gaz avto servis» shoxobchasiga bordik.

«Zapravka»ga ikki kilometr qolganida avtomobillarning turnaqator navbati ustidan chiqdik. Uzoq vaqt qatorda navbat kelishini kutib turgan haydovchilar ichida Toshloq va Qo‘shtepa tumanlaridan kelganlar ham bor ekan. Ularning aytishicha, Toshloqdagi «zapravka»lar gazdan uzib tashlangan.

«Kecha Toshloqda kun bo‘yi turib gaz quydira olmaganmiz. Bugun mana 30 kilometr yo‘l bosib Yozyovonga keldik», deydi haydovchilardan biri.

Shoxobchada Marg‘ilon shahridan kelgan haydovchilar ham navbat kutib turishibdi.

Ulardan biri Marg‘ilonda ahvol bundan badtarroqligi, gaz 80 atmosfera bosimiga tushib ketgani, eng yomoni, navbatda turganlar qolib, shoxobchaning boshqa eshigidan kirib gaz quyib chiqib ketayotganlar ham bo‘layotganidan shikoyat qildi.

Qo‘shtepa tumanining Langar yo‘li yoqasidagi metan gaz quyish shoxobchasida esa 500tadan ziyod avtomobil navbat kutmoqda. Soatlab navbat kutayotgan haydovchilar bilan suhbatlashdik.

«Aholini tashiydigan «Damas»lar benzinga yurib, «Kallaxo‘r»dan Marg‘ilon markaziga borish uchun yo‘lkira 1000 so‘mdan 3000 so‘mga ko‘tarildi. Aholi norozi, kunimiz navbat kutish bilan o‘tyapti. Benzin narxi 8-10 ming so‘mga ko‘tarilib ketgan. Shoxobchaga tartibli navbatdan qo‘yishda ham nohaqliklar rosa ko‘p», deydi haydovchilardan yana biri.

Farg‘ona shahriga kirishdagi «Avtomobilist» gaz quyish shoxobchasida 700dan ziyod avtomobildan iborat navbat paydo bo‘lgan.

«Oramizda kechasi soat ikkida kelib kutayotganlar ham bor. 10 soat kutishning o‘zi bo‘lmaydi. Kechasi mashina ichida sovqotmaslik uchun yopinchiq olib kelyapmiz. Mana soat kunduzgi 12 bo‘ldi. «Zapravka» hali ochilgani yo‘q. «Tez yordam» mashinasi keldi. Ularni ham qo‘yishmadi. Xohlagan odamiga oldidan ochib berishyapti. Tartib yo‘q», deydi haydovchilardan biri.

Shundan so‘ng «Yormozor»dagi shoxobchaga bordik. U yerda ham shu ahvol. Haydovchilar o‘z arzlarini aytishdi.

Andijonning Ulug‘nor tumanidagi shoxobchada elektr ham yo‘q ekan

Farg‘onadan Andijon viloyati tomon yurdik. Viloyatning shahar markazlari va atrofidagi «zapravka»larda navbatlar u qadar katta emas.

Lekin Ulug‘nor tumani «Sariqsuv» mahallasidagi shoxobchada ahvol juda yomon edi. 300ga yaqin avtomashina yo‘lda navbat kutib turibdi.

«Gaz bosimi kamligi yetmaganidek, tok o‘chaverib «zapravka» to‘xtab qolyapti. 6 soatdan beri navbat kutyapmiz. «Ketaylik», desak ketgani ham gaz yo‘q», deydi sovuqda junjikib turgan haydovchi.

Oltinko‘l tumanidagi «Mamayusufchek» qishlog‘ida joylashgan shoxobchada ham o‘nlab avtomashinalar navbat kutib turgandi.

Namanganda shoxobchalar ko‘p. Muammolar ham

Namangan shahriga Lola mavzesi orqali kiraverishda 10ga yaqin metan gaz shoxobchalarini sanadik. Deyarli hammasida navbatlar hosil bo‘lgan.

«Men «Uychi-Namangan» yo‘nalishi bo‘yicha «Damas»da qatnayman. Yo‘lkira 2500 so‘m edi, 3000 so‘m qildik. Chunki, litsenziya olganman, korxonaga kunlik to‘lov qilaman. Vaqtimni ko‘p vaqti yo‘lda emas «zapravka»da o‘tyapti. Topadigan pulimiz kamayib ketdi. Lekin odamlar norozi bo‘lishyapti. Nima qilaylik, ilojimiz yo‘q. Tirikchilik», deydi haydovchi.

«O‘ztransgaz» va Farg‘ona «Hududgaz» izohi   

Farg‘ona shahridagi «Hududgaz» idorasida bo‘lib, muammolar bo‘yicha izoh so‘radik.

Jamiyat matbuot kotibi Baxtiyorjon Roziqov o‘z ma'lumotlarini taqdim etdi.

«O‘ztransgaz» AJning 20 noyabrdagi 02-01-14-1003/8848-sonli topshirig‘iga asosan, 19-30 noyabr kunlari respublika hududiga sovuq havo oqimini kirib kelishi natijasida havo harorati -15 darajagacha pasayishi hamda magistral gaz quvurlarida bosim kamayishi munosabati bilan, birinchi navbatda aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uylar, strategik va ijtimoiy soha obektlariga tabiiy gaz yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida viloyatdagi barcha AGTKShlarga tabiiy gaz berishni vaqtincha cheklashni tartibga soluvchi jadvallar ishlab chiqilib tasdiqlangan hamda «O‘ztransgaz» AJga taqdim etilgan. Bu haqda «O‘ztransgaz» AJning ommaviy axborot vositalari orqali bayonoti mavjud.

21 noyabr kunidan boshlab Farg‘ona viloyatidagi barcha AGTKShlarga reja-grafikka asosan hamda avtomobil haydovchilariga qulaylik yaratish maqsadida kunning kechki va tungi vaqtlarida, ya'ni soat 19:00dan ertalabki soat 06:00gacha tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatib turish amaliyoti joriy etilgan», deyiladi ma'lumotda.

«O‘ztransgaz» matbuot kotibi Faridaxon Tojiboyeva ham holat yuzasidan izoh berdi.

«Tabiiy gaz limiti kamaytirilmagan. AGTKSh to‘liq ishlamasligi faqat tabiiy gaz bilan bog‘liq emas. Ob-havo keskin pasayib ketgan paytlarda aholiga, ijtimoiy soha obektlariga va strategik ahamiyatga ega korxonalarga maksimal darajada tabiiy gaz yetkazib berish - asosiy maqsadimiz.

Bundan tashqari, «O‘zneftgazinspeksiya», «O‘zstandart» agentligi, MIB va Hududiy gaz ta'minoti idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganish natijalariga asosan, ayrim shoxobchalarda me'yoriy-huquqiy hujjatlarga zid ravishda faoliyat yuritish holatlari aniqlanmoqda. Ayrim AGTKShda litsenziya shartlariga muvofiq ish yuritmaganliklari uchun kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtincha gaz yetkazib berilishi to‘xtatilgan holatlar ham mavjud. Ularda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgach, gaz ta'minoti qayta tiklanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi «Gaz yetkazib berilmagani sababli AGTKShda turnaqator navbatlar bo‘lmoqda», degan fikrlar o‘rinsiz», deydi jamiyat matbuot xizmati xodimi.

Ikki mutasaddi tashkilot izohi ham qoniqarli emas.

Vodiydagi uch viloyatda gaz quyish shoxobchalarida sovuqda soatlab navbatini kutayotgan haydovchilarga bu izohni o‘qib berishning ham keragi yo‘q.

Aniq fakt shuki, «zapravka»lardagi yoqilg‘i tanqisligi ortidan haydovchilar qiynalib, yo‘lkira narxi oshdi. Ikki o‘rtada yana aholiga qiyin bo‘ldi.

Hammani faqat bitta umumiy savol qiynaydi. «Qachongacha?». Yillar o‘tib boryapti. Muammoga esa yechim yo‘q.

 Jurnalist Elmurod Ermatov,
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov
Farg‘ona-Andijon-Namangan

Ko‘proq yangiliklar: