Poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan yugurish va ommaviy gimnastika bo‘yicha marafon bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan uyushtirilgan tadbirda ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy oliy o‘quv yurtlari, poytaxtimizdagi shifo muassasalari vakillari, poytaxtimiz ahli va yoshlar, viloyatlardan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS bo‘yicha dasturi —YuNEYDSning bergan ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 37 million OIV infeksiyasi bilan yashayotgan shaxslar hisobga olingan. Mamlakatimizda 2019 yilning 1 noyabr holatiga 42098 nafar shaxs OIV infeksiyasi bilan yashamoqda. 1- dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kunini sayyoramiz bo‘ylab keng nishonlashdan maqsad insoniyatning ushbu global tibbiy-ijtimoiy muammoga e'tiborini yana bir karra jalb etish, bunday kasallikdan aziyat chekayotgan bemorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Joriy yil ushbu sana “Hamjamiyat o‘zgarishlarga erishmoqda” shiori ostida nishonlandi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda butun dunyoda OIV infeksiya tarqalishining oldini olish, bunday kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham bu yo‘nalishda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. OIV infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha tibbiy-profilaktika va targ‘ibot ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Onadan bolaga OIV yuqishining oldini olish bo‘yicha tibbiyotimiz katta natijalarga erishmoqda. OIV infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
Aytish joizki, keyingi yillarda OIV infeksiyasiga qarshi kurash tadbirlarini moliyalashtirishda davlat budjetining hissasi yildan yilga ortib bormoqda. Bugungi kunda maxsus virusga qarshi davolash maqsadida xarid qilinayotgan yuqori sifatli dorilarning 50 foizi davlat budjeti hisobidan sotib olinmoqda.
Bundan tashqari, yondosh kasalliklarni davolash uchun dori vositalarini xarid qilishga davlat budjeti hisobidan 2018 yilda 811,0 million so‘m, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalar uchun quruq sut aralashmalarini xarid qilish uchun 3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
OIVga qarshi kurash ishlarini samarali tashkil etishda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni targ‘ib etish ham muhim amahiyatga ega. Ushbu sport marafoni ham ayni shu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Marafon ishtirokchilari qizil lenta taqib maydonga chiqdilar. Zero, qizil lenta OIV infeksiyasi bilan yashovchi bemorlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ularga nisbatan e'tiborni kuchaytirish belgisidir. Tadbir ishtirokchilariga OIV infeksiyasining yuqish yo‘llari va oldini olish usullari bo‘yicha maxsus qo‘llanmalar tarqatildi.
Shuningdek, shifokorlar va mutaxassislar aholiga sog‘lom turmush tarzini yuritish, kasalliklarning oldini olish, belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tish samarasi, OIV va boshqa inson salomatligiga salbiy ta'sir etuvchi kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini yuritish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.