10 oy ichida yong‘in tufayli qancha odam halok bo‘lgani ma'lum qilindi

Jamiyat 18:26 / 30.11.2019 5250

Shu yilning o‘tgan davri mobaynida yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan profilaktik ishlar natijasida 15 ming 586 ta bino va inshootlarda yong‘in kelib chiqish xavfi oldi olindi. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida bo‘lib o‘tgan anjumanda ma'lum qilinishicha, yuz bergan yong‘inlarni o‘chirish vaqtida ko‘rilgan tezkor harakatlar tufayli 35 nafar inson qutqarilib, 1 ming 271 bosh uy hayvonlari, 123 turdagi texnikalar, 289 milliard so‘mdan ziyod inshoot qurilmalari va 95 milliard so‘mdan ortiq moddiy boyliklar saqlanib qolindi.

Tadbirda ta'kidlanishicha, olib borilayotgan ishlarga qaramasdan 2019 yilning 10 oyi davomida O‘zbekiston hududida jami 9 ming 384 ta yong‘inlar qayd etilib, ushbu hodisalarda 88 nafar inson halok bo‘lgan va 240 nafar kishi tan jarohati olgan.

Joriy yilgi yong‘inlar soni 2018 yilning mos davriga nisbatan 345 taga, odamlarning halok bo‘lishi 10 taga va tan jarohati olishi 56 taga kamaygan.

Tahlillarga ko‘ra, yong‘inlarning 38,9 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 30,1 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 11,1 foizi isitish pechlarining nosozligi yoki ularni noto‘g‘ri ishlatish, 9,9 foizi bolalarning sho‘xligi sabab sodir bo‘lgan.

Anjumanda ayni paytda yong‘in xavfsizligini ta'minlashdagi mavjud muammolar, ularning yechimi va yong‘inga qarshi muhofazani takomillashtirish, yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish, sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni qo‘llash amaliyotini yanada kuchaytirish kabi masalalar muhokama etildi.

Ko‘proq yangiliklar: