Bugun, 29 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida «Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosi yuzadigan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Berilgan ma'lumotlarga qaraganda, 2019 yilda 13 mingdan ortiq og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar bandligini ta'minlash belgilanib, hozirgi kunga qadar 11 mingdan ortig‘ining (83,7 foiz) bandligini ta'minlashga erishilgan. 14ta hududda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, tadbirkorlik istagini bildirgan 18 mingdan ziyod xotin-qizlar qisqa o‘quv kurslarida o‘qitilgan. Joriy yilning yanvar-sentabr oylari davomida 5 ming 116 nafar xotin-qizlarga 128 mlrd. 909 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan Xalq bankining 2019 yil 8 maydagi 1-sonli Bosh kelishuvga asosan 100 mlrd. so‘m resurs ajratilib, shundan 3 ming 135 nafar xotin-qizlarga 83 mlrd. 766 mln. so‘m kredit mablag‘lari berilib, 4 ming 682 nafar xotin-qizlarga ish o‘rinlari yaratildi.
«Xotin-qizlarimiz bilan bog‘liq eng katta muammolarga to‘xtalganimizda men ularning huquqiy savodxonligini oshirish lozimligiga e'tibor qaratmoqchiman. Afsuski, ayollarimiz biror serialni qoldirmay ko‘rishadi, qo‘shnilari bilan soatlab gaplashib o‘tirishadi. Ammo o‘z huquqlariga kelganda e'tiborsizlik qilishadi», dedi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova ko‘plab ayollar onalik ta'tilidan so‘ng ishga qayta olmayotganlari, ayniqsa xususiy sektorda bu muammo ko‘p kuzatilayotgani bo‘yicha izoh berib.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratillo Odinayev bu masala bo‘yicha izoh bildirdi.
«Vazirligimiz ishonch telefonlari, saytimizdagi onlayn aloqalar muntazam ishlab turibdi. Ana shunday hollarda bizga murojaat qilsalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri inspeksiyamiz tomonidan muammo albatta o‘rganib chiqilib, qonuniy chora ko‘riladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
UPD: Xabarning birinchi variantida Mukarram Nurmatova o‘zbek ayollarini huquqiy ongi pastlikda ayblagani haqida xato ma'lumot yozilgandi. Tahririyat xatolik uchun uzr so‘raydi.