Buxoro viloyatida avtobus bilan to‘qnashgan Nexia-2 avtomashinasi haydovchisi va 2 nafar yo‘lovchisi vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2019 yil 29 noyabr kuni taxminan soat 07:00larda Nexia-2 rusumli avtomashina haydovchisi Buxoro viloyat Jondor tumani hududidan o‘tuvchi Toshkent-Qoraqalpog‘iston A-380 yo‘lining 305 km.da harakatlanib kelayotgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida, ushbu yo‘nalishda kelayotgan Higer rusumli avtobusning old qismi bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
Oqibatda Nexia-2 avtomashinasining haydovchisi va 2 nafar yo‘lovchisi hodisa joyida vafot etgan.
Hozirda hodisa joyi tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, YTHning kelib chiqish sabablari va vafot etganlarning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, holatning tafsilotlari yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot beriladi.