Qashqadaryoda qo‘ng‘ir ayiqning o‘ldirilishi bo‘yicha tafsilotlar ma'lum qilindi

Jamiyat 12:29 / 28.11.2019 17919

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Chiroqchi tumani Beshchashma qishlog‘ida «Ij» rusumidagi ov miltig‘i bilan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq otib o‘ldirilgani haqidagi xabarlar va tegishli videolavha yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmatiga ko‘ra, videolavhada ismi tilga olingan «Nurobod» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro B.S. bilan suhbat o‘tkazilganda, holat 2016 yil may oyida sodir bo‘lgani, fermer xo‘jaligida ishchilar ishlayotgan vaqtda noma'lum ayiq kelib qolgani hamda ukasi T.S.ga hamla qilib, qorin qismidan tishlab 40-50 metrlar chamasida sudrab ketayotganida T.S. va T.I. ketmon bilan urib o‘ldirgani, so‘ng jarohatlangan T.S. kasalxonaga olib ketilgani ma'lum bo‘ldi. Yozib bergan tushuntirish xatida ayiqni ishchilar uyiga olib ketgani, terisini shilib ichki ishlar bo‘limiga olib kelingani bayon qilingan.

Shu bilan birga, voqeaning bevosita ishtirokchilari – T.S., T.S. va T.I. bilan suhbat davomida ular chorva mollariga xashak yig‘ayotgan vaqtlarida, ayiq T.S.ga hujum qilganligi, u esa xushidan ketganligi, ular ayiqni ketmon bilan urib o‘ldirganliklari, T.I. T.S.ni kasalxonaga olib ketganligi ma'lum bo‘ldi. Ulardan olingan tushuntirish xatlarida T.S. o‘lgan ayiqni uyiga olib kelib, terisini go‘shtidan ajratib olganligi va 2 oylardan keyin ayiq terisini tuman IIBga olib kelinganligini ko‘rsatib o‘tishgan.

Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni ovlash taqiqlangan va u muhofaza ostiga olingan. O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish konvensiyasining 1-ilovasiga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida»gi 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan «Hayvonot dunyosi obektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 14-ilovasi «Hayvonot dunyosidan foydalanish tartibining buzilishi sababli yetkazilgan zarar hajmini hisoblash uchun to‘lovlar» miqdori bo‘yicha yoshi, kattaligi, og‘irligi va jinsidan qat'iy nazar har bir hayvon (kallasi, terisi, shoxi va boshqalar) uchun jismoniy va yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqiga nisbatan 100 koeffitsiyent miqdorida zarar hisoblanishi belgilangan.

Yuqorida bayon etilgan holat yuzasidan to‘plangan ma'lumotlar Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga taqdim etilgan. Qo‘ng‘ir ayiq noqonuniy tartibda o‘ldirilgan bo‘lsa, aybdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda chora ko‘riladi va yetkazilgan zarar undirib olinadi, deyiladi ma'lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: