«Garchi yil yog‘ingarchiliklarga boy bo‘lgan bo‘lsa-da, viloyatda qishloq xo‘jaligida quvonarli natijalarga erishdik», deb gap boshladi viloyat hokimi o‘rinbosari.
Ma'lum qilinishicha, viloyatda 429 ming gektar haydalib sug‘orilib ekiladigan maydonlar bo‘lib, ularning 247 ming gektari sug‘oriladigan, 187 ming gektari lalmi yer maydonlari hisoblanadi.
Ayni paytda viloyatda yer maydonlarda ekinlar joylashtirish pastdan yuqoriga qarab, ya'ni fermer xo‘jaliklarining talab va istaklaridan kelib chiqib amalga oshirilayotganiga urg‘u berildi.
Viloyatdagi ekin maydonlarining 32 foiziga paxta, 42 foiziga g‘alla, qolgan qismiga yem-xashak, moyli o‘simliklar va dukkaklilar ekib kelinmoqda.
Viloyat hokimi o‘rinbosari ekstensiv hosil olish o‘rniga intensiv yo‘lga o‘tilayotgani ham qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlardan biri ekanligini urg‘uladi.
Chunonchi, 47 ming gektar intensiv bog‘lar barpo etilgani va ulardan 15 ming gektarida tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgani, ilk bor paxtachilikda ham 20 ming gektarda g‘o‘za intensiv usulda parvarishlangani va 4800 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgani va bunday maydonlarda hosildorlik gektaridan 35 sentnerni tashkil etgani, texnologiyani takomillashtirish bilan bunday ekin maydonlarida hosildorlikni 50-60 sentnerga yetkazish istiqboli mavjudligi qayd etildi.
Paxtachilikda erishilgan natijalar haqida gapirar ekan, A.Nurqulov garchi aprel oyi seryog‘in kelishi oqibatida, chigit ekish kechikib, belgilangan reja 90 foizga uddalangan bo‘lsa-da, fermerlar 103 milliard so‘m foyda qilishganini ta'kidladi. Paxtachilikda galdagi vazifa qo‘l terimini kamaytirib, paxta terish mashinalari xizmatidan kengroq foydalanish ekani aytildi. Paxtachilikda klaster tizimiga o‘tishni yanada mukammallashtirish lozimligiga urg‘u qaratildi.
Viloyatda shu yil 103 ming gektarda 372 ming tonna boshoqli don yetishtirilgan, bu xirmonning 35 ming tonnasini urug‘lik don tashkil etadi. Hosildorlik o‘rtacha 60 sentnerni tashkil etgan. G‘alla ilk bor seyalkalar yordamida ekilgani ham bunda muhim omil bo‘lgan.
Pillachilikda viloyatda 2900 tonnalik marra egallangan. Uni qayta ishlash natijasida 8 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. O‘tgan yilgi ko‘rsatkich 1,5 million dollar bo‘lganining o‘ziyoq sohada o‘sish yuz berganini ko‘rsatib turibdi. Pillachilikda 7ta qayta ishlash korxonalari klaster tizimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilda pilla 60 foiz mahalliy urug‘lardan yetishtirilgan bo‘lsa, kelgusi yilda 100 foiz o‘zimizda yetishtirilgan urug‘lardan foydalaniladi.
Tutzorlarni kengaytirish yuzasidan ham katta rejalar belgilangan. Daryo, kanallarning muhofaza zonalarida 100 gektar shohtut va 100 gektar balxi tut ekilishi ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun 10 million dona tut ko‘chatlari o‘tqaziladi.
Sabzavotchilik sohasida 1 million 100 ming tonna sabzavotlar yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Kechki hosillar hali dalalarda turibdi. Ayni paytda viloyatda yetishtirilayotgan sabzavotlarning bor-yo‘g‘i 11,5 foizi qayta ishlanmoqda. 2020 yilda 367 ming tonna sabzavotni qayta ishlashga mo‘ljallangan loyihalarni ishga tushirish rejasi bor.
Umuman, kelgusi yilda 400 million dollar xorijiy investitsiyalardan 70 foizini qishloq xo‘jaligi sohasiga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Sabzavot, go‘sht-sut, parranda go‘shti va tuxum viloyat aholisi ehtiyojidan bir necha karra ko‘proq yetishtirilmoqda. Yetishtirilayotgan sutning 21,5 foizi qayta ishlanmoqda. Viloyatda yiliga 1 milliard dona tuxum yetishtirilmoqda.
45 ming bosh quyon ro‘yxatga olingan. Urgut tumanida zotdor quyonlarni yetishtirish maqsadida Italiyadan 1000 bosh quyon keltirish yuzasidan muzokaralar davom etmoqda.
Ayni paytda viloyatda baliq va asal yetishtirishda oqsash kuzatilmoqda. Hozir 11 ming gektar sun'iy havzalarda baliq yetishtirilmoqda. Vaziyatni o‘nglash uchun 2020 yilda 106 gektar ko‘llarda intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu usul gektarida 100-150 tonna mahsulot olish imkonini beradi.
«Samarqand viloyatida 1 mln 538 ming bosh chorva hisobga olingan. Biroq ularda nasl sifati yaxshimas. Galdagi vazifa chorva mollari naslini yaxshilash», — deydi A.Nurqulov.
2020-2021 yillarda 817 ming bosh sigirning naslini yaxshilash vazifasi qo‘yilgan. Fermerlar 100 foiz nasldor chorva boqishga o‘tadi. Asosan aholi qo‘lidagi sigirlarning 480-500 ming boshini ham nasldor zotlarga aylantirish ustida ish boshlangan. Buning uchun 5700 bosh zotdor mollar keltirilmoqda.
Viloyatda 438ta sun'iy qochirish punktlari mavjud bo‘lib, ularda 110 nafar mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda.
Viloyatda 38 ming gektar bog‘lar bor. Ularning 11 ming gektari aholi, 27 ming gektari fermer xo‘jaliklari tasarrufida. Samarasiz bog‘lar 17 ming gektarni tashkil etadi. Ularni buzib, intensiv bog‘larga aylantirish ustida ish ketmoqda.
Matbuot anjumanida viloyat hokimi o‘rinbosari qishloq xo‘jaligida yutuqlarga erishishning asosiy omili suv bilan bog‘liqligini ta'kidlab o‘tdi. Viloyat dalalariga quyiladigan suvning 98 foizi Tojikiston tog‘laridagi muzliklardan keladi. Qolgan suvlar mahalliy jilg‘alar va yer osti suvlari hisobiga shakllantiriladi. Aprel-may va oktabr-noyabr oylarida ayniqsa suvga bo‘lgan talab oshadi.
2018 yilda qurg‘oqchilik kuzatilgani sababli yer osti suvlari sathi 10 metrgacha pasayib ketgani ham qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan uzluksiz ta'minlab turish maqsadida viloyatdagi 6ta suv omborida 1 milliard kubometr suv g‘amlanadi. Ayni paytda parpo etilayotgan Bulung‘ur suv ombori ham 36 ming gektar dalalarning suv ta'minotini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri