O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati Kun.uz nashrida joriy yil 13 noyabr kuni e'lon qilingan «Qarshilik tadbirkor qonuniy mulkini saqlab qolish uchun kurashmoqda. U bir umr sudlashadimi?» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.
«Arizachi Ismoil Panjiyev sudga ariza bilan murojaat qilib, mansabdor shaxs Qarshi shahar hokimining 2017 yil 14 apreldagi X-843/4-sonli qarorini qabul qilish bilan bog‘liq xatti-harakatini g‘ayriqonuniy deb topishini va hokim zimmasiga ushbu qarorni bekor qilish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Shuningdek, Qarshi shahridagi «Asilbek-Ziyoda» savdo-ishlab chiqarish korxonasi sudga shikoyat ariza bilan murojjat qilib, mansabdor shaxs Qarshi shahar hokimining 2017 yil 14 apreldagi X-843/4-sonli va 2017 yil 19 iyuldagi X-1558/7-sonli qarorlarini g‘ayriqonuniy deb topishni va Qarshi shahar hokimligi zimmasiga shu qarorni korxonaga oid qismini bekor qilish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Qarshi shahar ma'muriy sudining 2017 yil 18 avgustdagi hal qiluv qarori bilan arizachi I.Panjiyev va «Asilbek-Ziyoda» SIChK arizalarini qanoatlantirish rad qilingan.
Arizachi «Asilbek-Ziyoda» SIChK rahbari I.Panjiyev tomonidan Qarshi shahar ma'muriy sudining 2017 yil 18 avgust kunidagi hal qiluv qaroriga nisbatan kassatsiya tartibida shikoyat keltirgan.
Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasida tarkib (kvorum) bo‘lmagani sababli mazkur ish Buxoro viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasiga yuborilgan.
Buxoro viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atining 2018 yil 2 fevral kunidagi ajrimiga asosan, Qarshi shahar ma'muriy sudining 2017 yil 18 avgust kunidagi hal qiluv qarori bekor qilinib, ma'muriy ish yangidan birinchi instansiya sudida ko‘rish uchun Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudiga yuborilgan.
G‘uzor tuman ma'muriy sudining 2018 yil 1 mart kunidagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, I.Panjiyev va arizachi «Asilbek-Ziyoda» SIChKning Qarshi shahar hokimligi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish va majburiyat yuklash to‘g‘risidagi shikoyat arizalari rad qilingan.
Mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan Qashqadaryo viloyat prokurori o‘rinbosari tomonidan kassatsiya protesti keltirilgan.
Samarqand viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atining 2018 yil 24 iyul kunidagi qaroriga ko‘ra, G‘uzor tuman ma'muriy sudining 2018 yil 1 martdagi hal qiluv qarori bekor qilinib ma'muriy ish yangidan birinchi instansiya sudida ko‘rish uchun Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudiga yuborilgan.
Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudining 2018 yil 20 sentabr kunidagi hal qiluv qarori bilan arizachi I.Panjiyev va arizachi «Asilbek-Ziyoda» SIChKning Qarshi shahar hokimligi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish va shahar hokimning qarorlarini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizalari rad qilingan.
Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudining 2018 yil 20 sentabr kunidagi hal qiluv qaroriga nisbatan Qashqadaryo viloyat prokurori o‘rinbosari tomonidan kassatsiya protesti keltirilgan.
Surxondaryo viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atining 2018 yil 14 dekabr kunidagi qaroriga asosan Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudining 2018 yil 20 sentyabrdagi hal qiluv qarori qisman bekor qilinib, yangi mazmundagi hal qiluv qarori qabul qilingan va I.Panjiyev va «Asilbek-Ziyoda» SIChKning Qarshi shahar hokimining 2017 yil 14 apreldagi X-843/4-sonli va 2017 yil 19 iyuldagi X-1558/7-sonli qarorlarning «Asilbek-Ziyoda» SIChKga oid bandlarini haqiqiy emas, deb topish haqidagi arizalari qanoatlantirilib, Qarshi shahar hokimining 2017 yil 14 apreldagi X-843/4-sonli va 2017 yil 19 iyuldagi X-1558/7-sonli qarorlarning «Asilbek-Ziyoda» SIChKga oid bandlari haqiqiy emas, deb topilgan. Hal qiluv qarorining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Mazkur ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan nazorat tartibida ko‘rilmagan.
Arizachi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi «Asilbek-Ziyoda» SIChK manfaatini ko‘zlab, sudga ariza bilan murojaat qilib, javobgar Qarshi shahar hokimining 2018 yil 15 oktyabrdagi X-2352/10-sonli va 2019 yil 22 fevraldagi X-530/2-sonli qarorlarini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.
Nishon tuman ma'muriy sudining 2019 yil 11 iyuldagi hal qiluv qarori bilan arizachi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasining «Asilbek-Ziyoda» SIChK manfaatini ko‘zlab, bergan shikoyat arizasi qanoatlantirilib, Qarshi shahar hokimining 2018 yil 15 oktyabrdagi X-2352/10-sonli hamda 2019 yil 22 fevraldagi X-530/2-sonli qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan.
Sudning mazkur hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, manfaatdor shaxs Koson tuman «GRAND SEVINCH GROUP» MChJ raisi Sh.To‘rayev kassatsiya tartibida shikoyat keltirib, shikoyatida Nishon tuman ma'muriy sudining 2019 yil 11 iyuldagi hal qiluv qarorini bekor qilib, arizachining arizasini rad qilish haqida yangi hal qiluv qarori chiqarishni so‘ragan.
Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 17 oktabr kunidagi qaroriga asosan, Nishon tuman ma'muriy sudining 2019 yil 11 iyuldagi hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun Muborak tuman ma'muriy sudiga yuborilgan.
Ushbu sud jarayoni davom etmoqda va navbatdagi sud majlisi 2019 yid 3 dekabr kuni soat 10:00da Muborak tuman ma'muriy sudi binosida bo‘lib o‘tadi» deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga bildirilgan munosabatda.