MIB: Farg‘ona Adliya boshqarmasi 5 nafar xodimini avvalgi ishiga tikladi

Jamiyat 10:12 / 28.11.2019 10220

Joriy yilning 24 noyabr Kun.uz sayti orqali Farg‘ona viloyat Adliya boshqarmasiga qarashli Farg‘ona shahridagi 6, 7 va 13-son davlat notarial idoralar xodimlari sud qaroriga muvofiq ishga tiklangani xabar qilingan edi.

Xabarda Farg‘ona shahar majburiy ijro byurosi tomonidan sud qarorlarini ijro qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilgan bo‘lishiga qaramay, hal qiluvning darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan qismi 22 noyabr holatiga viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i tomonidan bajarilmaganligi aytilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, sud qarorlarining xodimlarni ishga tiklash va haq undirishga oid qismi ijrosi ta'minlanib, Farg‘ona viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i B.Xasanovning 2019 yil 22 noyabrdagi tegishli buyruqlari bilan 5 nafar notarial idora xodimlari o‘z lavozimlariga tiklangan. Shuningdek ishga tiklash to‘g‘risidagi buyruqda xodimlarga sudning hal qiluv qaroriga muvofiq belgilangan to‘lovlarni to‘lab berish ham nazarda tutilganligi aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘ining 2019 yil 27 avgustdagi 209-sht-sonli buyrug‘iga asosan ishdan bo‘shatilib, sud orqali ishga tiklangan xodimlar foydasiga majburiy progulda yurgan kunlari uchun jami 107 million so‘mdan ortiq miqdorda ish haqi undirish belgilangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: