Ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan murojaatlar ham o‘rganiladi - IIV

Jamiyat 18:20 / 28.11.2019 2140

Ichki ishlar organlariga ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganib boriladi. Agar fuqaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri birinchi marta ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilayotgan bo‘lsa, ular og‘zaki murojaat sifatida rasmiylashtirilgan holda ko‘rib chiqiladi. Bu haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi tomonidan ma'lumot berildi.

«Agar shaxs o‘zi haqida ma'lumot qoldirgan bo‘lsa, biz uning o‘ziga yozma ravishda javob berishga harakat qilamiz.

Bundan tashqari, fuqaro oldin ichki ishlar organlariga murojaat qilgan va natijasidan qoniqmagani tufayli ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilayotgan bo‘lsa, bu holatdagi o‘rganishlarimizni rasmiy saytimizda keng jamoatchilikka ham ma'lum qilib boramiz», deya ma'lumot berdi IIV tashkiliy departamenti Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Ozodbek Jo‘raboyev.

Uning qayd etishicha, ayni paytda ichki ishlar organlariga kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismida fuqarolik pasporti va viza masalasi, tergovga qadar tekshiruv, surushtiruv va tergov jarayoni bilan bog‘liq muammolar aks etmoqda.

Shuningdek, jazoni o‘tash muassasalaridan  avf etishni so‘rab yuboriladigan xatlar va yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq murojaatlar ham umumiy foizning katta qismini tashkil qiladi.

Matbuot anjumanida Ozodbek Jo‘raboyev jurnalistlar tomonidan «ashaddiy murojaatchilar» bilan ishlash mexanizmi haqida berilgan savol yuzasidan ham ma'lumot berib o‘tdi.

«2019 yilning 10 oyi davomida vazirlik tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga 80 mingga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 1079tasi keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmagani yoki asossiz yozilgani kabi sabablar tufayli ko‘rmasdan qoldirilgan.

Lekin vazirlik tizimida muntazam ravishda murojaat qiluvchilar, ya'ni «ashaddiy murojaatchilar» toifasi shakllantirilmaydi.

Shunday bo‘lishiga qaramay, doimiy ravishda murojaat qiladiganlar ham bo‘lib, ularga bu murojaati oldingisidan farqli yoki keltirayotgan sababi muhimroq bo‘lishi mumkin degan nuqtai nazar bilan qaraladi va murojaati o‘rganiladi», deydi Ozodbek Jo‘raboyev.

Ko‘proq yangiliklar: