Akademik bilan suhbat: Milliy florani asrashga bo‘layotgan harakat, «Qizil kitob»ning yangi nashri va boshqalar haqida

Jamiyat 21:20 / 28.11.2019 11732

O‘zR FA Botanika instituti faoliyati, bugungi ilmiy salohiyati haqida ma'lumot bersangiz?

— Botanika instituti O‘zbekistonda tabiiy tarzda o‘suvchi yovvoyi o‘simlik olami bilan shug‘ullanadigan yagona ilmiy muassasa hisoblanadi. Aksariyat holatlarda mazkur institutning maqsad va vazifalari, ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari boshqa ilmiy tadqiqot muassasalari, jumladan ekib-yetishtiriladigan, qishloq xo‘jalik ekinlarini tadqiq etadigan institutlar faoliyati bilan adashtirish holatlari uchrab turadi. Demoqchimanki, bizning muassasada insonlar tomonidan parvarish qilinadigan o‘simliklar tadqiqot obekti hisoblanmaydi. Bu — tabiiy flora bilan shug‘ullanadigan yagona institutdir.

O‘zbekiston hududi o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadigan o‘simliklar qoplamiga ega. Albatta, bu yerda ekinzorlar nazarda tutilmayapti. Tabiiy flora turlari yer osti va yer usti boyliklari kabi davlatning milliy boyligi sanaladi. Bu boylik qanaqa ahvolda, tarkibi nimalardan iborat, sarhisobi, uni qanday saqlab qolamiz, qanday qilib unumli foydalanamiz, monitoringini yuritish, «Qizil kitob»ga kirgan o‘simliklar, ularning davlat kadastrini yuritish va shu kabi masalalar bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Fundamental tadqiqotlar qatoriga bu flora kelib chiqishi, qaysi geografik elementlar bunga asos bo‘lgan, ularning migratsiyasi qanday bo‘lgan, evolyutsiyasi qay tarzda ketyapti kabi ilmiy muammolar kiradi.

Ayni paytda institut o‘tish davrini boshidan kechirmoqda. Turli sabablarga ko‘ra institut avval Botanika bog‘i, keyinchalik esa Zoologiya instituti bilan qo‘shib yuborildi. Bu holat o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmay qolmadi. Bajarilayotgan loyihalarni, ilmiy laboratoriyalarni sun'iy ravishda qo‘shish, qabul qilingan qarorlarga muvofiqlashtirishga urinishlar bo‘ldi.

Ayrim yoshi ulug‘ olimlar institutni tark etishdi. Ayrimlari esa o‘zlaridan shogirdlar safini qoldirishmadi. Oqibatda esa «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3256-son qarori bilan Institut alohida ilmiy tadqiqot muassasasi sifatida qaytadan shakllantirilgan vaqtda asosan yoshlardan iborat bo‘lgan jamoa tarkibidan iborat bo‘lib qoldi. Bu yerda boshqa institutlardagi kabi yoshi ulug‘ olimlarni ko‘p uchratmaysiz. Avlodlar almashinuvi og‘ir kechdi, shuning orqasidan institut qiyin ahvolga tushib qolgandi.

Besh yil avval institutga direktor bo‘lib kelganimdan so‘ng ishni yosh olimlarni jalb etishdan boshladik. Buning uchun ilmiy ish qilishga layoqatli yoshlarni viloyatlardan tanlab oldik.

Ishlarimiz samarasini ko‘rsatdi, albatta. 2018 yil natijalariga ko‘ra, yosh olimlar institut ilmiy salohiyatining 36 foizini tashkil etdi. Falsafa doktori yoki fan doktori bo‘lgan yosh ilmiy xodimlar esa hozirgi kunda 46 foizni tashkil etadi. 2016–2018 yil oralig‘ida 25 nafar ilmiy xodim asosiy ish o‘rniga qabul qilindi. 3 yil ichida institut 30 foizgacha yangilash jarayonini o‘z boshidan kechirdi. Bugun qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu yoshlar institut ertasi hisoblanadi. Ular bilan ko‘proq ishlash, tarbiyalash, yo‘naltirish ertangi kun muvaffaqiyati garovi hisoblanadi.

Hozirgi natijalarimizni yomon deb aytolmayman. Ilmiy tadqiqot natijalarini chop etish deyarli ikki barobarga o‘sdi. Institutda bir qator xorijiy loyihalar bajarilmoqda, molekulyar-genetik tadqiqotlarga ixtisoslashtirilgan yangi laboratoriyalar tashkil etildi. Institut binosi to‘liq ta'mirdan chiqarilib, zamonaviy ko‘rinish oldi, yosh olimlarimiz yetakchi xorij muassasalarida malaka oshirmoqda.

Institutda hozirgi kunda qanday ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda?

— Institut tomonidan amalga oshirilayotgan ko‘zga ko‘rinarli ishlardan, natijalardan biri bu Markaziy Osiyoda eng yirik hisoblangan ko‘p jildli O‘zbekiston milliy florasini nashrga tayyorlash boshlangan. Ma'lumki, har bir sohaning tarixi, tayanadigan fundamental manbasi bo‘ladi. Bungacha sohadagi yirik loyihalardan biri 6 jildli O‘zbekiston florasi 1941-1962 yillarda bajarilgan edi.

Undan keyin, hatto mustaqillikka erishgandan keyin ham «O‘zbekiston florasi» deb nomladigan tadqiqotlar boshlanmadi. Milliy boyligimiz hisoblangan o‘simlik olamini o‘rganishga e'tibor yetarli darajada bo‘lmadi. Bugungi kunga kelib ilmiy salohiyat ortishi, tadqiqotlar moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi, xorijiy aloqalar kuchayishi kabi omillar bu fundamental loyihani Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib boshlashga imkon berdi.

Bu nafaqat juda katta ilmiy salohiyatni, shuningdek, vaqt, mablag‘ni va yuqorida aytganimizdek xorijiy hamkorlikni talab etadi. Hozirgi kunda bu loyiha bo‘yicha 10dan ortiq xorijiy olimlar va 15ga yaqin mahalliy olimlardan tarkib topgan jamoa ish olib bormoqda. Jumladan, nashrning bosh muharriri Xelsinki Tabiat muzeyi professori, O‘simliklar taksonomiyasi bo‘yicha xalqaro assotsiatsiya qoshidagi doimiy kommissiya raisi Aleksey Sennikov hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Koreya va Xitoydagi yetakchi olimlar xorijiy ishtirokchilar qatoridan o‘rin olishgan. Aynan ularning sa'y-harakatlari va mahalliy olimlar bilan birgalikda botanik olimlarning yangi avlodini yetishtirish, tarbiyalashga xarakat qilyapmiz.

Keyingi o‘n yillikdagi tadqiqotlar natijasida dunyo florasi uchun yangi bo‘lgan 2ta turkum, 40dan ortiq yovvoyi o‘simlik turlari kashf etildi.

Markaziy Osiyo o‘simliklari aniqlagichining 11-jildini yakunladik. Bunga salkam 10 mingdan ortiq o‘simlik kiritilgan. Mintaqadagi olimlar, qolaversa, bu ulkan hudud florasi bilan tadqiqotlar olib boruvchi barcha olimlar uchun hozirda bundan tayanch manba sifatida foydalanmoqda.

Botanika bog‘i va O‘zbekiston milliy gerbariysi ham institut tasarrufiga kiradi. O‘zbekiston milliy gerbariysi jahonda Markaziy Osiyo o‘simliklari bo‘yicha dunyodagi eng yirik kolleksiya hisobladi, uning bu hajmdagi muqobili yo‘q.

Botanikada olib borilayotgan barcha tadqiqotlar gerbariyga asoslanadi. Shuning uchun ham gerbariy ishi fundamental xarakterga ega. Vaqt o‘tgani sayin gerbariy namunalarining ahamiyati, qiymati faqat ortib boraveradi.

O‘zbekiston Milliy gerbariysidagi dastlabki namunalar 1835–1840 yillarga to‘g‘ri keladi. Namunalarning umumiy soni 1,5 milliondan ortiq bo‘lib, gerbariyni boyitish uchun har yili bir yarim ming donadan uch mingtagacha yangi namunalar olib kelinadi.

O‘zbekistonda gerbariy yig‘ish va saqlash ishlari dunyo ilm-fani bilan taqqoslaganda qay darajada?

— Rivojlanlangan davlatlarda gerbariy fondlari milliy boylik sifatida e'tirof etilib, ularga eng bebaho san'at asarlarining yirik jamlanmasi, muzeylar kabi munosabatda bo‘linadi. Avstriya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Angliyadagi yoki AQShdagi qator gerbariylar eng zamonaviy asbob va uskunalar ta'minlangan. Chunki unda nafaqat milliy, qolaversa, umumjahon ahamiyatiga ega bo‘lgan boylik saqlanadi. 200-300 yillik namunalarni beshikast saqlash uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratilgan.

O‘zbekiston Milliy gerbariysi shu kabi hurmat va e'tiborga loyiq bo‘lgan bebaho boylik hisoblanadi. 2018 yil 17 iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-3861-son qarorga ko‘ra, gerbariyga «O‘zbekiston Milliy gerbariysi» maqomi berildi va 2021 yildan Botanika instituti, O‘zbekiston Milliy gerbariysi va Botanika muzeyi uchun maxsus bino qurilishi belgilangan.

Institut tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi o‘simlik olamini boyitish borasida tadqiqotlar, amaliy ishlar qilinmoqdami?

— Keyingi 20-25 yil vaqt oralig‘ida bajarilgan loyihalar muddati qisqa va moliyalashtirish hajmi uncha yuqori bo‘lmagani uchun bu bilan ko‘proq minaqaviy institutlar, ko‘proq Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi shug‘ullanib keldi. Qolgan katta hududlar: Qizilqum, G‘arbiy Tiyonshon, Pomir-Oloy tog‘lari, Farg‘ona vodiysi institut asosan tadqiqotlar olib boradigan hududlar sifatida qarash mumkin bo‘lib keldi. Bugungi kunga kelib esa Qoraqalpog‘istonning Ustyurt platosida keng ko‘lamli fundamental tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, institut xodimlari Markaziy Osiyo mamlakatlari, Koreya, Xitoy hududlari bo‘ylab ham dala tadqiqotlari olib borishmoqda.

Yuqoridagi sabablarga ko‘ra Orol muammolari bilan shug‘ullanishdan biroz cheklandik. Keyinchalik bu muammolar global ahamiyat kasb etishi yuzaga chiqa boshlagandan keyin institut tomonidan zamonaviy ilm uslublarini qo‘llagan holatda tadqiqot olib borish kerak degan fikrga kelindi.

Bu hududda boshlagan birinchi jiddiy ishimiz Orolbo‘yi mintaqasi hududi, Ustyurt platosidagi tadqiqotlar hisoblanadi. Tadqiqot Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy ofat o‘simliklar qoplamiga qay darajada ta'sir ko‘rsatdi, shuningdek, unga Ustyurtda rivojlanib borayotgan neft-gaz sanoati qanday ta'sir etyapti va keyinchalik qanday bo‘ladi, degan mazmunda bordi.

Dengizning qurigan tubidan ko‘tarilayotgan qum va tuz zarralarining Orolbo‘yi mintaqasi aholisi sog‘lig‘iga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligiga ta'siri borasida ommaviy axborot vositalari orqali ko‘p fikr bildirilmoqda. Ammo bu ekologik tushkunlikning dengizga chegaradosh hududlar tabiiy bioxilma-xilligiga ta'siri masalasi biroz diqqatdan chetda qolmoqda.

Vaholanki, dengizning qurigan qismi va Ustyurt platosini bog‘lab turgan sharqiy chink yonbag‘irlarida o‘ta noyob o‘simlik turlari va ular tashkil etgan kamyob o‘simlik jamoalari bugunga kelib himoyaga muhtoj holatga kelib qolgan. Aynan sharqiy chinkda yovvoyi do‘lananing (Crataegus korolkowii L. Henry) Markaziy Osiyo va Kavkaz tog‘larida tarqalgan populyatsiyalarini bog‘lab turuvchi va tuplarining umumiy soni 200 tupdan oshmaydigan Ustyurt populyatsiya o‘sadi.

Yoki na'matakning noyob turi, O‘zbekiston Repsublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob o‘simlik – malokakarpus turlarining populyatsiyasi soni kamayib bormoqda. Dengiz qurimasdan avval ushbu hududlarda tarixan shakllangan mezofit (namsevar) o‘simlik jamoalari strukturasida o‘zgarishlar yuzaga kela boshladi.

Yuqorida zikr etilgan holatlarni ilmiy asoslash maqsadida institut xodimlari loyiha doirasida global iqlim o‘zgarishlari va bevosita, Orol dengizining qurishi oqibatida Ustyurt platosi o‘simlik qoplamida yuz berayotgan o‘zgarishlarni zamonaviy axborot dasturlari yordamida o‘rganishmoqda va kelgusida, 50 yildan keyin havo haroratining 2-2,5 darajaga ko‘tarilishi oqibatida o‘simlik qoplamida yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni bashorat qilishmoqda. 

Endi bevosita Orol dengizining qurigan qismida yuz berayotgan o‘zgarishlarni tadqiq etishga to‘xtaladigan bo‘lsak, tadqiqotlarni bu yerlarda yuz berayotgan dinamik jarayonlarni monitoring qilish uchun birlamchi vosita sifatida Orol dengizining qurigan sathi o‘simliklar qoplamini xaritalashdan boshlash lozim degan fikrga keldik va olimlarimiz 3 yillik tadqiqotlar natijasida ikkita profil bo‘ylab dengizning janubi-g‘arbiy qurigan qismi o‘simlik qoplamining xaritasini ishlab chiqishdi. Ushbu xarita endilikda dengizning qurigan qismining o‘simliklar bilan qoplanish mexanizmini anglashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Lekin shunga qaramay mintaqada asosiy muammo dengizning qurigan qismidagi ko‘char qumliklarni va sho‘rxokliklarni stress omilga chidamli o‘simliklar hisobiga mustahkamlash hisoblanadi. Bu yo‘nalishda biz katta tajribaga ega bo‘lgan Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon bo‘limi Ekologiya va geografiya instituti xodimlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz.

Mazkur institut xodimlari tomonidan dunyodagi eng yirik cho‘llardan biri Takla-Makon cho‘lida ko‘char qumlarni mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Mazkur cho‘l bo‘ylab o‘tgan avtomagistral atrofida «Yashil devor» barpo etishga qaratilgan ulkan loyiha doirasida qariyb 500 kilometrga yetadigan yo‘l atrofida saksovul, qandim va shunga o‘xshash qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar hisobiga 70-100 metr kenglikda sun'iy o‘rmon barpo etilib, qum ko‘chishiga barham berilgan. 

Uzoq yillar davomida sinovdan o‘tkazilgan turlardan foydalanib ilmiy tomondan chuqur asoslangan texnologiya qo‘llanishi mazkur loyiha muvaffaqiyatli yakunlanishi garovi hisoblanadi.

Shu va bir qator boshqa loyihalar natijalarini o‘rganib chiqqanimizdan so‘ng xitoylik hamkasblarimizga institut xodimlari tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar yuzasidan ma'ruza qilib berdik va Orol muammosi bo‘yicha hamkorlikda tadqiqot olib borish yuzasidan taklif bildirdik. Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng so‘nggi texnologiyalarni qo‘llagan holda dengizning qurigan sathida qum uyumlari va sho‘rxoklikda ikkita demonstratsion maydonlarni yaratishga qaratilgan loyihani amalga oshirishga kelishildi.

Loyihani moliyalashtirish Xitoy Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihaning dastlabki yilida Mo‘ynoq tajriba stansiyasi hududida Xitoydan olib kelingan 16 tur o‘simlik sinovdan o‘tkazilmoqda va sinovdan o‘tgan turlarning urug‘chilik kolleksiyasi tashkil etilmoqda. Loyihaning keyingi bosqichlarida yerosti suvlaridan foydalangan holda tomchilatib sug‘orish usuli bilan mahalliy o‘simlik turlari va chetdan olib kelingan o‘simliklarni dengizning qurigan qismidan tanlangan ikki xil sharoitdagi tajriba maydonlarida o‘stirish rejalashtirilgan. Ushbu texnologiya sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa tegishli tashkilotlarga uni joriy qilish bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab berishni rejalashtirganmiz.

Tadqiqot ko‘zlangan natijalarga erishsa, uning keyingi taqdiri qanday kechadi? Loyiha doirasida qanchadir fan doktori va Phd dissertanti tayyorlash rejalashtirilganmi?

— Biz tadqiqot natijalarini xorijiy va mahalliy jurnallarda e'lon qilib, tanishtirib boramiz. Qo‘shma tadqiqotlarning ma'lum bir bosqichi yakunlanganidan so‘ng xalqaro konferensiya tashkil etish rejamiz bor. Unga masalaga taalluqli bo‘lgan xorijiy tashkilotlar, nufuzli olimlar va fondlar taklif etiladi. Bundan tashqari, ilmiy-amaliy seminarlar uyushtirish va unga nafaqat ilmiy jamoatchilik, qolaversa, amaliyot sohasi vakillarini taklif etish ham belgilangan. Shundan so‘ng texnologiyalar transferi amalga oshiriladi va tegishli davlat tashkilotlariga tavsiya etiladi.

Bu tadqiqotlar doirasida shuncha fan doktori yoki falsafa doktori tayyorlaymiz degan balandparvoz rejalar belgilanmagan. Albatta, ish bo‘lgan joyda natija bo‘ladi. Mening ilmiy rahbar va muassasa rahbari sifatida tamoyilim shundayki, tadqiqotlar dissertatsiya tayyorlash, ilmiy daraja olishga qaratilmasligi lozim. Ilmiy tadqiqot fandagi muammoni hal etishi, uning yechimi ma'lum bir ijtimoiy-iqtisodiy masalaga xizmat qilishi lozim. Tadqiqotlarning yetarli darajadagi maromda bajarilishi o‘z-o‘zidan ilmiy daraja yoki unvon olinishiga olib kelishi mumkin.

Dissertatsiya orqasidan quvishga qarshiman. Aytaylik, tadqiqotchi shunga erishdi ham, dissertatsiyasini yoqlab oldi ham deylik. Keyin u nima qiladi, navbatdagisiga o‘tadimi — undan ilm-fanga va jamiyatga naf qanchalik!? Olim uchun ilm yo‘lida maqsad birlamchi bo‘lishi lozim, ikkinchidan, yangidan yangi vazifa qo‘yish zarur bo‘ladi.

«Qizil kitob»ga kiritilgan o‘simliklar yo‘qolib ketayotgani qanday aniqlanadi? Shu to‘g‘risida qanday tadqiqotlar olib borilgan?

— So‘nggi 20 yil ichida aynan «Qizil kitob»ga qaratilgan maxsus tadqiqotlar bo‘lmagan. Hozirgacha «Qizil kitob»ning 4ta nashri chop etilgan bo‘lsa-da, 1984 yildan keyingi nashrlar alohida tadqiqot loyihalari natijasi emasdi. Chop etilgan oxirgi uchta nashr asosan olimlarimizning ko‘p yillik tajribasi, ilmiy salohiyatidan foydalanish hisobiga bajarilib kelindi.

Bu masalani hal etish uchun institut 2015 yildan boshlab tabiiy flora turlarining davlat kadastrini yuritish ishlarini davlat amaliy loyihalari doirasida kirishdi. Tadqiqotlar viloyatlar kesimida olib borilib, hudud florasidagi o‘simliklarning kadastr ro‘yxati, kamyob, yo‘qolib borayotgan va «Qizil kitob»ga kiritilgan turlar bo‘yicha geoaxborot tizimi asosidagi xaritalar tayyorlab kelinmoqda.

2015–2016 yillarda Jizzax viloyati uchun kadastr tadqiqotlari yakunlandi. Uning natijalari asosida ko‘proq amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan namunaviy qo‘llanmalar chop etish uchun tayyor holatga keldi. Undan keyin Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarini bo‘yicha izlanishlarni tamomlab, natijalar 2018 yilda chop etildi. Bu yil Navoiy viloyati o‘simliklarining kadastrini tugatdik va nashr uchun berdik. Kelgusi yilda Buxoro viloyatini yakunlaymiz. Bu tadqiqotlarning natijalari tabiatni muhofaza etish, undan foydalanish borasidagi tegishli davlat tashkilotlariga joriylashtirish barobarida Qizil kitobning navbatdagi nashrlarini tuzishda ham foydalanib kelinmoqda.

Shu bilan bir vaqtda keng ko‘lamda boshqa mutaxassislarni jalb etib, bir paytning o‘zida «Qizil kitob»ni shakllantirishga harakat ketyapti. «Qizil kitob» sifat jihatdan o‘zgardi. Avvalgi nashrga 324ta kamyob, yo‘qolib borayotgan o‘simlik kiritilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 314taga tushdi.

Bunga ilmiy yonlashuvning o‘zgargani, tadqiqotlar ko‘lami oshgani, tabiatdagi o‘simliklar holati bo‘yicha ma'lumotlar bazasi kengaygani sabab bo‘ldi. Yana bir tomondan ba'zi o‘simliklarning tarqalish areali kengaydi, tabiiy populyatsiyalarning o‘sish sharoiti yaxshilangani aniqlandi.

«Qizil kitob»ning oxirgi uch nashrida, afsuski, adashib kirib qolgan o‘simlik turlari ham bo‘lgan. Bu o‘simliklar tabiatda keng tarqalgan yoki kishilarning xo‘jalik faoliyati ularning holatiga xavf solmaydi.

2019 yilning oxirigacha «Qizil kitob»ning beshinchi nashri chiqishini kutib turibmiz.

Yuqorida siz aytgan o‘simliklarning kadastrini yuritishda hududning tabiiy relefi hisobga olinadimi? Florani o‘rganishda tabiiy chegaralar ko‘proq inobatga olinishini muhimroq ahamiyat kasb etmaydimi? Masalan, Qashqadaryo viloyatida tog‘li joylar ham bor, cho‘l qismi ham bor.

— 2016 yilda yakunlangan tadqiqotlarda ilk bor O‘zbekiston hududining botanik-geografik jihatdan rayonlashtirish amalga oshirildi. Bunda albatta mavjud barcha tabiiy omillar hisobga olingan va har bir tabiiy hudud uchun 100 yildan ortiq muddat davomida to‘plangan ma'lumotlar jamlangan. Viloyatlar kesimida olib borilayotgan tadqiqotlar ko‘proq amaliy ahamiyat kasb etadi va viloyatlar hududlari chegarasi bo‘yicha muhofaza choralarini to‘g‘ri belgilashga yordam beradi. Tabiiyki, viloyat kesimida olib borilayotgan ishlar hududning relefini inobatga oladi, landshaftlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tegishli ilmiy uslublar tanlanadi.

O‘simliklar uchun xavf bo‘lib turgan va «Qizil kitob»ga kirib qolishida hamon dolzarb bo‘lgan omillar qaysilar?

— Dolzarb muammolar qatoriga chorva mollarini betizim o‘tlatish, o‘simlik zaxiralaridan noto‘g‘ri foydalanish, tabiat unsurlari to‘g‘risidagi bilimlarimiz juda ham past darajadaligi kiradi.

Ilmiy konferensiyalar, anjumanlar olimning dunyoqarashiga qanday ta'sir etadi va bugungi kunda bu qay holatda?

— Ilmiy konferensiya, avvalo, qaysidir masalaga va uning yechimiga bag‘ishlanadi. Bu olimlarning o‘zaro fikr almashishi uchun eng muhim platforma: tadqiqotlar natijasini ko‘rsatadigan, e'lon qiladigan, muhokamaga qo‘ya oladigan va boshqa tadqiqot natijalarini eshitib, ularga fikr bildira oladigan anjuman hisoblanadi. Konferensiya hisobot uchun, qaysidir soha vakillari borligini ko‘rsatish uchun o‘tkazilmasligi kerak. Konferensiya belgilangan bosh masalani hal qilishga qaratilishi kerak.

Aynan konferensiyalar doirasida olimlar bir-biri bilan jonli muloqot qila oladi, tabiiyki, bu narsa ilmiy fikr o‘sishiga yordam beradi, qolaversa, konferensiyalar o‘ziga xos stajirovka vazifasini ham o‘tashi mumkin.

Olim nafaqat mahalliy, balki xalqaro konferensiyalarda qatnashsa maqsad muvofiq bo‘ladi. Botanika institut ilmiy xodimlarini egallab turgan lavozimiga qo‘yiladigan talabnomalar qatoridan xorijiy konferensiyalarda bevosita ishtirok etish va xalqaro tillarda ma'ruza qilinishi bejiz kiritilmagan. Olim o‘z yo‘nalishi bo‘yicha davriy ravishda nufuzli tadbirlarda ishtirok etishi muhim shartlardan biri hisoblanadi.

Ilmiy muassasa rahbari sifatida olimlarga qanday talablar qo‘yasiz?

— Ilmiy tadqiqot muassasasi rahbari sifatida, avvalo, ilmiy natijadorlikni birinchi o‘ringa qo‘yaman va talab etaman. Shuning uchun ham institutdagi ilmiy xodimlarning egallab turgan lavozimiga talabnomalar tizimini ishlab chiqish, uni keng ko‘lamli muhokamalardan o‘tkazish va institut amaliyotiga joriy etishga katta e'tibor berganman.

Bu tizimni keng joriy etish yoki ilmiy amaliyot uchun qabul qilish shart, degan fikrdan yiroqman. Bu mening rahbar sifatida ilmiy jamoani boshqarish uslubim, xodimlarning intizomga, faoliyatiga bo‘lgan mas'uliyatini oshirish, qolaversa, shu yo‘l bilan institutdagi tadqiqotlar nufuzli nashrlarda chop etilishi darajasini ko‘tarish, obro‘sini oshirishga qaratilgan xatti-harakatlar majmuasi hisoblanadi. 2015 yildan beri o‘tgan vaqt bu tajriba o‘zini oqlaganini ko‘rsatdi va institutdagi ilmiy xodimlarning katta qismi uni ma'qullashadi.

Bevosita o‘zingizning ilmiy tadqiqotlaringiz haqida so‘zlab bersangiz?

— Men Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston va yondosh hududlarning florasi bilan shug‘ullanaman. Yana bir yo‘nalishim piyozboshli o‘simliklar, xususan, lolalarning sistematikasi, taksonomiyasi, biogeografiyasi bilan ham ish olib boraman.

O‘zbekiston Milliy florasining yangi nashrlarini yaratishga bag‘ishlangan yirik loyihaning ilmiy rahbari hisoblanaman. Ta'kidlashim kerakki, bu loyiha ilmiy faoliyatimning hozirgi kundagi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. 2016-2017 yillarda Floraning 1-2-jildlari chop etilgandi. 2019 yil oxirigacha 3-jildi nashrdan chiqadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida tarqalgan o‘simliklarni to‘r tizimli xaritalash ustida ham ishlayapmiz.

Bu G‘arbiy Yevropada keng ko‘lamda olib borilayotgan ilg‘or tadqiqotlardan biri sanaladi. Uni biz Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib, aynan O‘zbekiston hududiga 2017 yildan qo‘llay boshladik. Hozirgi kunda Zarafshon tizmasining g‘arbiy tarmoqlari 5x5, 10x10 kilometrdan iborat bo‘lgan kvadratlarga bo‘lib chiqilgan va ular bo‘yicha o‘sadigan o‘simlik turlarni jamlab chiqyapmiz. Bu bilan har bitta kvadratlar, hududlar kesimida o‘simliklar qay darajada ekanini ko‘rsatib beroladigan holatdamiz.

To‘r tizimli xaritalar O‘zbekiston florasi bo‘yicha yaratilayotgan ma'lumotlar elektron bazasining tarkibiy qismi hisoblanadi. Ular butun mamlakat yoki tanlab olingan hududlar miqyosida tarkibi, holati bo‘yicha to‘liq ma'lumotlarni o‘zida jamlaydi. Tegishli qaror qabul qilish uchun esa bizda nafaqat hudud, balki alohida kvadratlar bo‘yicha berish imkoni yaratiladi.

Bu holat tabiiy hududlarni iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun o‘zlashtirishni rejalashtirish, ekologik audit yoki monitoringni tashkil etish, tabiiy va antropogen omillar ta'sirida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni baholashda muhim ahamiyatga ega.

Keyingi ilmiy yo‘nalishim o‘simliklar geografiyasi bo‘lib, men Markaziy Osiyo florasining shakllanishi, bunda qadimgi geologik jarayonlarning roli, Markaziy Osiyoga yondosh hududlardan migratsion oqimlarning ta'siri va ayni paytda O‘zbekistondan boshqa hududlarga bo‘lgan migratsion oqimlarning ta'siri masalalari to‘g‘risida tadqiqot olib boraman. Bu izlanishlar fundamental xususiyatli tadqiqotlar sirasiga kiradi.

O‘z sohasida yuksak ilmiy natijalarga erishgan inson sifatida olimning baxti nimada deb hisoblaysiz?

— Menimcha, olimning baxti uning ilmi va g‘oyalarining rivojida, shogirdlarining soni va albatta sifatida, ilm deb atalmish ulkan bino qad rostlashida o‘z hissasini qo‘sha olishida.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: