Qashqadaryoda 5 kishi ko‘mir, 4 kishi tandir cho‘g‘i tufayli is gazidan zaharlandi

Jamiyat 17:43 / 27.11.2019 5879

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida bir oilaning 5 a'zosi ko‘mir yoqilishi natijasida, Qarshi tumanida yana 4 kishi tandir cho‘g‘i tufayli is gazidan zaharlandi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, Qarshi shahri Kat mahallasidan 37 yoshli Sh.T., 32 yoshli G.X., 13 yoshli Sh.N., 11 yoshli Sh.N. va 4 yoshli E.N. xonadonda ko‘mir yoqish natijasida is gazidan o‘rta og‘ir darajada zaharlanishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, xonadon sohibining kechqurun ko‘mir cho‘g‘ida kabob tayyorlagani va qolgan cho‘g‘ni uyga olib kirib qo‘yganligi mazkur noxush hodisaga sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ayni paytda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 26 noyabr kuni taxminan soat 22.00larda Qarshi tumani Parg‘uza qishlog‘ilik Sh.B. xonadonida to‘rt kishi is gazidan zaharlangani qayd etildi.

Aniqlanishicha, ushbu noxush hodisaga tandirda yoqilgan o‘tin cho‘g‘i uyga olib kirilgani sabab bo‘lgan.

Mazkur oiladan xonadon sohibi, 45 yoshli Sh.B. yengil zaharlangan, unga ambulator yordam ko‘rsatilgan. Oilaning boshqa a'zolari 41 yoshli T.V., 17 yoshli J.T., 9 yoshli Sh.T. is gazidan o‘tkir zaharlanish o‘rta og‘ir darajasi tashxisi bilan respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga yotqizilgan.

«Bemorlarga tajribali shifokorlar tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda», deyiladi SSV matbuot kotibi Furqat Sanayevning telegramdagi kanalida.

Ko‘proq yangiliklar: