Rossiyani katta sportdan 4 yilga chetlatish tavsiya qilindi

Sport 11:30 / 26.11.2019 30345

Rossiyalik sportchilar 4 yilga yirik xalqaro musobaqalardan chetlatilishi mumkin: Muvofiqlik qo‘mitasi Butunjahon aksildoping agentligiga (VADA) shunday tavsiya bergan. 

Agentlik bayonotiga ko‘ra, bunga Rossiya tomonidan navbatdagi doping qoidabuzarliklariga yo‘l qo‘yilishi sabab bo‘ldi. Gap Moskva aksildoping laboratoriyasi ma'lumotlari soxtalashtirilishi haqida bormoqda. 

Agar tavsiyalar bajarilsa, rossiyalik sportchilar Tokiodagi 2020 yilgi Olimpiadada ishtirok etishga qo‘yiladi, biroq 2018 yil Pyongchangda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiadadagi kabi neytral maqomda ishtirok etadilar. Rossiya bayrog‘i taqiq ostida bo‘ladi, g‘olib bo‘lgan sportchilar sharafiga Rossiya madhiyasi yangramaydi.

Bunday choralar nafaqat Olimpiya o‘yinlari, balki Paralimpiya o‘yinlari, o‘smirlar Olimpiadasi, jahon chempionatlariga ham taalluqli bo‘ladi. Bu musobaqalarning rasmiy tadbirlarida Rossiyaning rasmiy shaxslari ishtirok eta olmaydi. Shuningdek, rossiyaliklar turli qo‘mitalar va kengashlar tarkibiga kirishiga ruxsat berilmaydi.  

Bundan tashqari, agar VADA tegishli qarorni qabul qilsa, Rossiya 4 yilga yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkaza olmaydi. Agar Rossiya bungacha u yoki bu musobaqani o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu huquq undan tortib olinib, boshqa davlatga beriladi.

Agentlikning Rossiya sporti bo‘yicha qaror chiqariladigan yig‘ilishi 9 dekabrga belgilangan.  

Ko‘proq yangiliklar: