24 noyabr kuni Moskvada O‘zbekiston va Qirg‘izistondan bo‘lgan mehnat muhojirlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv ro‘y berdi. Internetda ushbu ommaviy mushtlashuv videosi ham tarqalgan, unda belkurak va lomlar bilan qurollangan o‘nlab ishchilar janjaliga guvoh bo‘lish mumkin.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi 2019 yil 24 noyabr kuni Moskva shahrida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi.
Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotida aytilishicha, mazkur hodisa natijasida 15 nafar shaxs, jumladan 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.
Olingan ma'lumotlarga ko‘ra jarohatlanganlar mavjud emas, nizo futbol musobaqasida qoidalar buzilishi natijasida kelib chiqqan.
Ayni paytda dastlabki tergov amalga oshirilmoqda. Elchixonaning Konsullik bo‘limi vaziyatni nazoratga olgan.
TIV xabarida bir kishi halok bo‘lgani qayd etilgan. Xususan, Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Eslatilishicha, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod oblasti, Bryansk oblasti, Vladimir oblasti, Voronej oblasti, Ivanovo oblasti, Kaluga oblasti, Kostroma oblasti, Kursk oblasti, Lipetsk oblasti, Moskva shahri, Moskva oblasti, Orlov oblasti, Ryazan oblasti, Smolensk oblasti, Tambov oblasti, Tver oblasti, Tula oblasti, Yaroslav oblasti) va Armaniston hududidagi fuqarolar zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi Elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: : +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.