Baxmal tumanida yashovchi H.E., O.O. va urgutlik Sh.S. tojikistonlik bir guruh shaxslar bilan ko‘p miqdordagi «opiy» giyohvandlik vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga kontrabanda qilish va kelgusida Samarqand viloyati hududida sotib, noqonuniy daromad olish haqida oldindan jinoiy til biriktirishgan.
Ushbu rejaga ko‘ra, sudlanuvchi H.E. 2019 yil 26 aprel kuni Samarqand viloyati, Urgut tumani «Jartepa» chegara-nazorat postidan o‘tib, Tojikistonning Panjakent tumaniga borib, u yerdagi shaxslar bilan uchrashib, 27 aprel kuni 15 kg «opiy» giyohvandlik vositasi solingan qopni Panjakent tumanining O‘zbekiston Respublikasi Jizzax viloyati Baxmal tumani bilan chegaradosh hududi — «Uch qiz» tog‘ida jinoiy sherigi O.O.ga kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga o‘tkazib berishgan.
O‘z navbatida O.O. 15 kg «opiy» giyohvandlik vositasini qabul qilib olib, o‘zining yashash manzili Baxmal tumanidagi qishlog‘ida joylashgan xonadonida yashirib qo‘ygan.
Sudlanuvchi Sh.S. jinoiy sherigi — tojikistonlik boshqa shaxs hamda O.O. va H.E. bilan ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini Tojikistondan O‘zbekistonga kontrabanda qilish haqida oldindan til biriktirib, jinoyatni sodir etilishiga yordamlashib, ishtirok etgan.
H.E.ning akasi D.E. hamda O.O. jinoiy sheriklari H.E.ning topshirig‘iga asosan shu kuni 13 kg qoradorini Sh.S.ga yetkazib berish maqsadida D.E.ga tegishli bo‘lgan «Neksiya» avtomashinasida Samarqand viloyati Bulungur tumani va Jomboy tumani chegarasidagi hududga olib kelishib, yo‘l chetidagi ariq ichiga joylashtirishgan hamda shu yerda Sh.S. bilan uchrashib, O.O. 12880.4 gramm giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish maqsadida o‘tkazgan.
29 aprel kuni Sh.S. o‘z boshqaruvida bo‘lgan «Lasetti» avtomashinasida Tojikistondan O‘zbekistonga olib kirilgan qoradoridan qariyb 13 kilogrammini kelgusida sotish maqsadida saqlab qo‘yish uchun yashash manzili — Urgut tumanidagi qishlog‘i tomon harakatlanib ketayotganida «giyohvandlik vositalari noqonuniy savdosiga qarshi kurash» yuzasidan o‘tkazilayotgan tezkor tadbir davomida DXX xodimlari va Samarqand viloyat IIB YHXB «Cho‘ponota» YPX maskani xodimlari tomonidan gumon qilinib to‘xtatilib, 12880.4 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
30 aprel kuni DXX Jizzax viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida sudlanuvchi H.E.ning Baxmal tumanida joylashgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda, hovlidagi tokning ostiga ko‘mib qo‘yilgan 2056.28 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi topilib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining sudya J.Arslanovning raisligida o‘tgan ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi bo‘yicha hukm o‘qib eshittirildi.
H.E. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan aybli deb topildi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
O.O. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 28-, 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan aybli deb topildi va uzil-kesil o‘tash uchun 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sh.S. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 28-, 246-moddasi 2-qismi va 25-, 273-moddasi 5-qismi bilan aybli deb topildi va uzil-kesil o‘tash uchun 13 (o‘n uch) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
D.E. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 28-, 273-moddasi 5-qismi bilan aybli deb topildi va unga 10 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchilarning barchasi hukm qilingan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilab qo‘yildi.