Kun.uz tahririyatiga Samarqand veterinariya meditsinasi institutining barcha tugatilayotgan fakultetlari 3–4 bosqich talabalari tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaat mazmuniga ko‘ra, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining barcha tugatilayotgan fakultetlarining 3–4-bosqich talabalari arosatda qolishgan. Ular qishloq xo‘jaligi institutiga hujjat topshirib, veterinariya meditsina oliygohini tamomlashga majbur bo‘lishmoqda. Bir qator yo‘nalishlarda o‘qigan talabalar yangi institut diplomi bilan ishga joylashish qiyinligini aytishmoqda.
«Biz 2016-2017 yil sobiq Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining «Agroinjineriya», «Agronomiya», «Menejment» fakultetlariga o‘qishga qabul qilingan edik.
2017 yili biz o‘qib turgan institut negizida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etildi, ya'ni nomi o‘zgardi. Yangi institut tashkil etilishi bilan, biz o‘qiyotgan fakultetlar tugatilishga yuz tutdi va bu ta'lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinmay qo‘ydi.
Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 19 avgustdagi PQ–4421-sonli «Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilinganini eshitib, qaror bilan tanishib chiqdik.
Qarorda Toshent davlat agrar universiteti Samarqand filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qayd etib o‘tilgan, shu bilan birga, «2 oy ichida tegishli mutasaddi tashkilotlar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin», deb belgilab qo‘yilgan.
Biz bundan juda ham xursand bo‘ldik va tez fursat ichida Vazirlar Mahkamasining ID 7075 sonli qarori loyihasi regulation.gov.uz muhokamalar portalida keng ommaga e'lon qilindi.
Ushbu qaror loyihasining 7-bandi va 4-ilovasida shunday deyilgan: 2019-2020 o‘quv yilidan SamVMIning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3–4 bosqich talabalar kontingenti hamda mos ravishda professor-o‘qituvchilari tarkibini filialga o‘tkazish bo‘yicha ma'lumot ilova qilingan.
Ya'ni, bizning mutaxassisligimiz, ta'lim olayotgan yo‘nalishlarimiz qayd etilgan. Albatta, biz bu qaror loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Haqiqatan ham, biz Samarqand qishloq xo‘jaligi institutiga o‘qishga qabul qilinib, Samarqand veterinariya meditsinasi institutini bitirishimiz tufayli ish faoliyatimizni boshlashga to‘siqliklarga uchrashimiz mumkin. Axir biz qishloq xo‘jaligi xodimlari agronomlar va qishloq xo‘jaligi mexanizatorlarimiz. Biz o‘z o‘rnimiz, o‘z joyimizni topishimiz zarur.
Shu paytgacha Samarqanddagi MAN-Auto zavodida talabalarimiz ishlab chiqarish amaliyotida muntazam qatnashib kelishgan. O‘quv dargohimiz Veterinariya meditsinasi institutiga aylangach, bunday muhim amaliyotdan ham voz kechildi. Qo‘pol qilib aytganda, mol do‘xtiriga mashina zavodida nima bor?
«Menejment» yo‘nalishini bitirgan talabalarimiz esa turli banklarga, xususan «Agrobank»da ishga joylashar edi. Endi bu yangi institut diplomi bilan ularning ishga joylashishida ham muammolar ko‘zga tashlanmoqda.
Xullas, ushbu qaror loyihasi qabul qilinishini va bizning taqdirimizga barcha mutasaddi tashkilot va vazirliklar befarq bo‘lmasliklarini so‘raymiz. Biz barcha talabalar ushbu arznomamizni mas'ul mutasaddi rahbarlar ko‘rib chiqishini xohlaymiz.
Hukumat qarori loyihasini qabul qilish kechikayotganidan xavotirdaligimizni bildiramiz va tez fursatlarda qabul qilinishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz», — deyilgan murojaatnomada.