«Koreya kundaligi» ruknidagi navbatdagi maqolada Janubiy Koreyaga o‘qish yo ishlash uchun borayotgan vatandoshlar bilishi tavsiya etiladigan yana beshta muhim ma'lumot sanab o‘tiladi.
Dastlabki besh tavsiya haqida maqolaning birinchi qismida so‘z yuritilgan edi.
6. Chiqindi tashlashda maxsus pullik paketlardan foydalaning
Janubiy Koreyada chiqindi masalasi biroz tushunarsiz ko‘rinishi mumkin. Axlat tashlash uchun maxsus joylar bor, lekin deyarli alohida qutilar joylashtirilgan maydonlarni uchratish qiyin. Aholi belgilangan hududlarga axlatlarni olib chiqib qo‘yishadi, erta tongdan maxsus xizmatchilar chiqindilarni yig‘ib chiqadi. Ko‘cha chetlarida uyum-uyum chiqindilar tashlanaveradi. Talab qilinadigan jihat shuki, bu ishni maxsus paketlardan foydalangan holda bajarish lozim.
Mazkur qoidaga e'tibor bermaydigan yoki undan xabarsiz insonlar ham topiladi. Agar chiqindi tashlashda qoidaga rioya qilinmasa va shu shaxs ustidan shikoyat tushgan taqdirda, hatto aeroportdan chiqib ketayotganda ham jarima undirib olingan vaziyatlar haqida yurtdoshlarimizning o‘z og‘zidan eshitdik. Jarima – 300 dollar atrofida.
Paketlarning turlari ham bor. Ularning rangi va hajmi maqsadiga ko‘ra farq qiladi – oq, pushti, yashil va och ko‘k. Ularni ajratishda qiynalsangiz, izlashda koreyscha nomidan foydalanishingiz mumkin: odatiy chiqindilar uchun – 쓰 레 기 봉 투, oziq-ovqat mahsulotlari uchun – 음식물 쓰레기 봉투. Paketlar pullik bo‘lib, deyarli barcha oziq-ovqat do‘konlarida sotiladi.
Eslatma: Chiqindilar maxsus joylarga soat 19:00-23:00 oralig‘ida olib chiqilishi zarur, undan erta emas.
7. CCTV – butun mamlakat bo‘ylab kuzatuv kameralari o‘rnatilgan
«O‘zingni ehtiyot qil, qo‘shningni o‘g‘ri tutma» degan maqol borki, bizning yurtda har kim o‘z mulki xavfsizligi uchun yaxshigina himoya choralarini ko‘rib qo‘yadi. Koreyada har bir nuqtaga tun-kun ishlaydigan kuzatuv kameralari o‘rnatilganligi bois ham, ko‘pchilik mahalliy aholi o‘z mulki xavfsizligiga ortiqcha e'tibor bermaydi. Velosipedlar qulflanmagan, shaxsiy buyumlar shunchaki jamoat joylarida egasiz turganini ko‘rish mumkin. Keraksiz ekan degan noto‘g‘ri tushunchaga borish mutlaqo xato bo‘ladi.
Afsuski, ta'kidlab o‘tishga majburmiz, o‘tgan oylarda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari (o‘zbeklar ham bor) tomonidan jamoat joylaridagi velosipedlarni o‘g‘irlash aybi bilan qo‘lga tushganlar haqida xabarlar tarqalgan.
O‘sha aybni qilganlar ham balki «Bizni topib olishmaydi» deb jo‘n fikr qilishgandir, ammo unday emas. Xavfsizlik tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, jinoyat sodir etgan har qanday shaxs albatta qonun oldida jazoga tortiladi.
Yana bir muhim masalani yodga olish o‘rinli bo‘ladi. Xorijda bir millat vakilining qilgan maqtovga sazovor ishi yoki nomaqbul qilmishi butun bir xalqqa ta'rif berish uchun asos bo‘la oladi. Shunday ekan, biz reja qilgan yumushlar boshqa millatdoshlarga ham ta'sir etishini yodimizdan ko‘tarmaylik.
8. Halol oziq-ovqatlar topish borasida maslahat
Bu masalaga alohida to‘xtalmaslik xato bo‘lgan bo‘lardi. Janubiy Koreyada oziq-ovqat mahsulotalarini tayyorlashda cho‘chqa go‘shti va yog‘idan keng foydalaniladi. Hatto shirinliklarda ham uchratish mumkin. Bundan tashqari, ozuqa ta'mi borasida Koreya va O‘zbekiston orasida yer bilan osmoncha farq bor.
Koreya musulmonlari federatsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kunga kelib mamlakatda 150 mingdan ziyod musulmon istiqomat qilmoqda. Indoneziya, Pokiston, Malayziya, Markaziy Osiyo va Afrika davlatlaridan kelganlar – Koreyadagi musulmon diasporasining asosini tashkil etadi. Musulmon qatlam ko‘payib borayotgani sabab, tadbirkorlar halol mahsulotlar savdosi va xizmat ko‘rsatish sohalariga ko‘proq e'tibor qaratishyapti.
Halol va o‘zbekcha oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda quyidagi brendlar ko‘pchilik tomonidan e'tirof etilayotganining guvohi bo‘ldik: Ebozor, Halal Baraka, Bozoraka, Otash qassob, Al Baraka, O’zbegim, Xalqlar do’stligi va Storeling halol oziq-ovqat do‘koni.
Har birining ijtimoiy tarmoqlarda manzili mavjud bo‘lib, butun Koreya bo‘ylab yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
9. «Nelegal»ga chiqish yoki G-1 (gumanitar) viza olish Janubiy Koreyada uzoqroq muddat qolish uchun to‘g‘ri yechim emas
Mehnat qilish maqsadida kelganlarning shartnoma vaqti tugab borayotgan paytda yoki talabalarning kontraktdan qiynalib yurgan kezlarda noqonuniy hayotga chiqish haqida o‘ylay boshlashi, ming afsus bo‘lsinki, ko‘p kuzatilyapti. Uzoqni o‘ylamay turib, bemaslahat bunday qaror qabul qilishning oqibati salbiy bo‘lishi mumkin.
«Uyga qaytib qanday ish qilamiz, qanday oila boqamiz?» degan hadikning borligi buning asosiy sabablaridan. Lekin qachondir vatanga qaytayotgan paytingizda noqonuniy yurganlik uchun ma'lum miqdordagi jarima Koreya hukumati tomonidan undirib olinadi. Immigratsiya xodimlari bilan to‘qnash kelib qolishga bo‘lgan doimiy qo‘rquv ta'qib etaveradi, oxirgi bekat esa deport!
Noqonuniy hayotga chiqish ko‘pincha ishchining mehnat shartnomasidagi muddat tugagandan so‘ng yoki talabalarning o‘qishni tashlab, qonunni chetlab o‘tgan holda Koreyada yashash-ishlashni davom ettirishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bir qaraganda hech qanday ma'suliyat yo‘qdek, o‘zingga xon, o‘zingga bek bo‘lib yashash chiroyli ko‘rinishi mumkin, lekin zararlari foydasidan kam bo‘lmaydi.
G-1 – qanday viza turi? Gumanitar viza deya nomlangan G-1`ni beshta holatda qo‘lga kiritish mumkin. Umuman olganda, mazkur viza turining qo‘rqinchli joyi yo‘q, ammo bu statusni qo‘lga kiritishdagi ro‘kach qilinadigan soxta ma'lumotlar arizachining oyog‘iga bolta urib qo‘yishi mumkin.
Qanday sabablarga ko‘ra shaxsning Koreyada qolmoqchi ekani ochiqlanishi zarur bo‘lgan bu vaziyatda tarjimonlar ham ishtirok etadi. Agarda keltirilgan sabab yolg‘onligi isbotlansa, har ikki shaxs ham tegishli tarzda javobgarlikka tortiladi.
G-1 vizaga o‘tkazishdagi ko‘maklashish xizmati ham noqonuniy hisoblanadi. Bu ish ko‘p hollarda ma'lum miqdordagi pul evaziga bajariladi.
Gumanitar viza turiga o‘tish – bu endi emin-erkin mehnat qilish mumkin bo‘ldi degani emas. Bu viza faqatgina yashashga ruxsat beradi xolos, mehnat faoliyati esa noqonuniyligicha qolaveradi.
10. Har qanday viza turida doimiy yashash huquqini olish imkoni mavjud – KIIP va OASIS kurslari
Zararli oqibatlari talaygina bo‘lgan gumanitar vizani olish yoki «nelegal»ga chiqishga shoshilmang! Birozgina murakkab, lekin qonuniy yo‘llardan foydalangan holda vizani nisbatan barqaror turiga o‘zgartirish imkoniyati yo‘q emas.
Bunda maxsus ballik tizimdan foydalaniladi. Ushbu tizimda yuqori ball olish uchun muhim rol o‘ynaydigan ikki o‘quv kurslarida tahsil olish va sertifikatlarga ega chiqish tavsiya etiladi. Bular – koreys madaniyati asosidagi koreys tili kurslari (KIIP) va Koreyada startap qilish xohishidagi chet elliklarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish kurslari (OASIS).
OASIS kurslarida Koreyada biznes bilan shug‘ullanish yo‘llari va viza turini o‘zgartirish borasida mutaxassislar tomonidan qimmatli maslahatlar beriladi. Koreyada uzoqroq qolishni istaganlar uchun haqiqatda foydali kurs. Darslar atigi uch kun davom etadi. Ammo kurs yakunida beriladigan sertifikat immigratsiya organlarida juda qadrli sanaladi.
Kurslar mutlaqo bepul bo‘lib, o‘qish mobaynida o‘quvchilar talabiga ko‘ra tushlik tashkil etiladi. Talabalarning ko‘pchilik qismi musulmon bo‘lgan taqdirda, halol oziq-ovqatga ehtiyoj borligi ma'lum qilinsa bo‘lgani.
KIIP – bepul koreys tili darslari. Dars kunlarini o‘z xohishingizga ko‘ra tanlashingiz mumkin. Odatda aksariyat o‘quvchilar shanba-yakshanba kunlari tushlikka qadar o‘qishni ma'qul ko‘radi.
O‘quv kursining 5 darajasi mavjud bo‘lib, imtihon asosida, bilim darajasiga qarab talabalar guruhlarga ajratiladi. Kiiptest.org orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Bonus tavsiya: Qizlar bilan munosabatda ehtiyot bo‘ling, «shingu» qilib yuborishlari mumkin!
Shunday holatlar ham uchraydiki, chet elliklar koreyalik qizlar yoki ayollar bilan o‘zlarini nomaqbul tutgani uchun yaxshigina jarima to‘lashadi. Bu xatti-harakat ko‘pchilik uchun oddiy tuyulishi mumkin, ammo Koreyada unday emas. Hushtak chalish, bexosdan turtinib ketish, qizning bilagidan ushlash, mashinada bo‘lsangiz «yo‘lni bo‘shat» ma'nosida signal berish – bularning barchasi «Tegajog‘lik» moddasi bilan ustingizdan politsiyaga arz qilish uchun yetarli bo‘ladi.
Eldor Vohidov,
Kun.uz muxbiri.
Agarda siz muhim deb hisoblagan, ammo maqolada yoritilmagan masalalar bo‘lsa, izohlarda yozib qoldirishingizni so‘raymiz.
Rukndagi boshqa maqolalar:
- Koreya kundaligi. O‘qishga jo‘nab ketishning ilk taassurotlari
- Video: Janubiy Koreyada metro O‘zbekistondagidan qanchalik farqli?
- «15 soatlik ish kuni, koreys oshxonasi va o‘zbek shovvozlari». Koreya orzusining ikkinchi tomoni
- Koreya kundaligi: O‘zbeklarning muhojirlikdagi hayoti, vatan sog‘inchi, o‘zbekcha o‘rgatilgan koreyslar va boshqalar haqida
- Koreyada haydovchilik guvohnomasini atigi bir kunda olish mumkin, lekin...